
Click nega Tenge Bank’dan qimmatroq baholandi?
26.09.2025 | 10:0043164
Click’ning Tenge Bank bilan tarixiy bitimidan so‘ng savol tug‘ildi: nima uchun fintex kompaniya klassik bankdan qimmatroq baholandi?

Yaqinda O‘zbekiston moliya bozorida so‘nggi yillardagi eng yirik bitimlardan biri amalga oshdi. Qozog‘istonning Halyk banki Click’ning 49 foiz aksiyasini 176,4 mln dollar evaziga sotib oldi. Shu bilan birga, Click aksiyadorlari ham Tenge Bank’ning 49 foiz aksiyasini 60,76 mln dollarga xarid qildi. Sovuq hisob-kitoblar ko‘rsatmoqdaki, fintex-kompaniya an’anaviy bankdan deyarli uch barobar qimmat baholandi.
Bir qarashda bu g‘alati ko‘rinishi mumkin. Lekin moliya bozoridagi tendensiyalar, raqamli ekotizimning ustunliklari va istiqbollariga nazar tashlansa, bu holatning mantiqiy izohlari bor, deb yozadi iqtisodchi Aleksandr Davidov.
Click bugungi kunda 20 mln dan ortiq foydalanuvchiga ega super-ilova hisoblanadi. Unda to‘lovlar, o‘tkazmalar, elektron hamyonlar va turli mini-ilovalar orqali kundalik xizmatlar taqdim etiladi. Bu ekotizim faqat komissiya hisobidan emas, balki yangi mahsulotlar qo‘shish va bozorni kengaytirish hisobiga ham daromad keltiradi.
Tenge Bank esa hanuz an’anaviy moliyaviy institut sifatida kreditlar, depozitlar va filial infratuzilmasi bilan cheklanadi. Uning korporativ mijozlari va litsenziyasi mavjud, lekin raqamli bozorda o‘sish sur’atlari pastroq. Shu sabab aksiyalari arzonroq baholandi.
Investorlar uchun Click’ning qimmatroq bo‘lishiga qator omillar sabab:
- 20 mln foydalanuvchi va ularning raqamli odatlari.
- Yangiliklarni tezkor tatbiq qilish imkoniyati.
- Kengaytiriladigan mahsulotlar orqali barqaror daromad.
- Filial va katta infratuzilma talab etmasligi.
- O‘zbekiston bozorining raqamli transformatsiya bosqichida turishi.





