add

Click va Halyk Bank bitimining qonuniy to‘siqlari bor

23.07.2025 | 20:0030945

Markaziy bank va Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi o‘z so‘zini aytmagunicha, kelishuv kuchga kirmaydi.

Click va Halyk Bank bitimining qonuniy to‘siqlari bor
Qozog‘istonning Halyk Bank va O‘zbekistonning Click to‘lov xizmati o‘rtasidagi bitimni yakunlash uchun tartibga soluvchi organlar: O‘zbekiston Markaziy bank va Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasining ruxsati zarur. Bu haqda Spot nashri xabar berdi. Bitim shartlariga ko‘ra, Halyk Bank Click kompaniyasining 49 foizlik ulushini 176,4 million AQSH dollariga sotib oladi, Click esa o‘z navbatida Tenge Bank aksiyalarining xuddi shunday ulushini 60,76 million AQSH dollariga qo‘lga kiritadi. «Bitim ishtirokchi mamlakatlar qonunchiligiga to‘liq muvofiq ravishda amalga oshirilmoqda. Tomonlar barcha tegishli davlat idoralariga zarur hujjatlarni topshirmoqda va kerakli ruxsatnomalarni olish uchun tegishli nazorat organlari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Har ikki tashkilotning operatsion va huquqiy faoliyatidagi mustaqilligi saqlanib qolayotganini hisobga olgan holda, kelishuv jarayoni qisqa muddatda yakunlanishi kutilmoqda», - deya ta’kidlangan Click bayonotida. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati bitim ishtirokchilari iqtisodiy konsentratsiya uchun oldindan rozilik olishlari shartligini tasdiqladi. Qo‘mita ma’lum qilishicha, kompaniyalardan hozirga qadar tegishli ariza kelib tushmagan. «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 27-moddasiga muvofiq, ariza raqobatga ta’siriga qarab 30 kundan ikki oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi. Arizaga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi hujjat nusxasi, bitim taraflari tomonidan so‘nggi ikki yil davomida amalga oshirilgan faoliyat turlari, ishlab chiqarilgan va sotilgan tovar turlarining nomlari hamda ularning hajmlari haqidagi ma’lumotlar, o‘tgan ikki yil uchun moliyaviy va statistik hisobotlar, shuningdek, shaxslar guruhining tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ilova qilinishi lozim. Bunda shaxslar guruhiga kirish asoslari va asosiy manfaatdor mulkdorlar ko‘rsatilishi shart. «Vakolatli davlat organining oldindan roziligisiz amalga oshirilgan, tovar yoki moliya bozorida raqobatni cheklashga olib keladigan iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha bitimlar sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin», - deya ta’kidlanadi qonunda. Bundan tashqari, Halyk Bank va Click Markaziy bankdan ruxsat olishlari shart. «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida»gi qonunning 65-moddasiga binoan, tartibga soluvchi organ bitim natijasida bank ustav kapitalidagi ulushi 20 foizdan 50 foizgacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadigan ulushni sotib olishga ruxsat beradi. Bitim natijasida Click to‘lov xizmati Halyk Bankning sho‘ba korxonasi hisoblangan Tenge Bank aksiyalarining 49 foizini qo‘lga kiritishi lozim.

Teglar

Mavzuga oid