add

CNN Trampni Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etishga majbur qilgan voqeani ma’lum qildi

25.10.2025 | 08:217712

Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, Donald Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar to‘plamini joriy etish haqida qarorni Xarkivdagi bolalar bog‘chasiga qilingan dron hujumidan so‘ng qabul qilgan.

CNN Trampni Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etishga majbur qilgan voqeani ma’lum qildi

CNN manbalariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiyaga nisbatan qat’iyroq choralar ko‘rish haqidagi qarorni qisqa vaqt ichida qabul qilgan. Hatto Oq uyning o‘zida ham qaror tezligi ko‘pchilikni hayratga solgan. Tramp bir necha oydan buyon maslahatchilariga «bir kuni Moskvaga nisbatan qat’iyroq yo‘l tutish vaqti keladi», deb aytib kelgani ma’lum qilindi.

Manbalarning ta’kidlashicha, Tramp bu qarorni o‘z «instinktlari» asosida qabul qilgan va «Putin bilan munosabatlarda yo‘nalishni o‘zgartirish vaqti keldi» deb hisoblagan.

CNNʼning xabar qilishicha, 22 oktyabr kuni ertalab Rossiya qo‘shinlari Xarkivdagi bolalar bog‘chasiga dron bilan hujum qilgan. Videolarda odamlar bolalarini qo‘llariga olib, yong‘in iskanjasidagi binodan qochayotgani aks etgan. Bu hodisa Trampning qaror qabul qilishida hal qiluvchi burilish nuqtasi bo‘lgan.

Oq uydagi manbalar aytishicha, Tramp G‘azodagi vaziyatni ham eslab, «qatt’iyroq choralar samara berganini» ta’kidlagan. Bir yuqori lavozimli amaldor so‘zlariga ko‘ra, prezidentning fikri shunday bo‘lgan: «Qat’iyatlilik harakatga olib keladi».

Shu bilan birga, Trampga senator Lindsi Grehem va Senatdagi ko‘pchilik yetakchisi Jon Tyun ham bosim o‘tkazgan. Ular prezidentni Rossiyaga nisbatan tezroq sanksiyalar joriy etishga chaqirgan, bu orqali Vladimir Putinni muzokara stoliga o‘tkazish mumkinligini ta’kidlagan.

«Biz prezident va uning jamoasiga qo‘llab-quvvatlov bildirib, urushni tugatish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni jadallashtirishni xohlaymiz», — degan senator Tyun.

Tramp sanksiyalar haqidagi g‘oyani yana yanvarda, Oq uyga qayta kelgan paytda o‘ylay boshlagan, biroq u paytda Putinni muzokaralardan cho‘chitishdan xavotirlangan edi. Ammo Ukrainadagi fuqarolik ob’ektlariga qilingan yangi hujumlardan so‘ng prezident o‘z qarorini o‘zgartirdi va javob choralarini tezkor qabul qildi.

Teglar

Mavzuga oid

CNN Trampni Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etishga majbur qilgan voqeani ma’lum qildi | Vaqt.uz