
Cobalt datchigi nega havo haroratini issiq ko‘rsatadi
27.07.2025 | 13:0028343
Odamlar orasida Cobalt avtomobilida havo harorati 80 darajagacha ko‘rsatilganda, haqiqatan ham shunday issiq degan tushuncha shakllangan. Ammo bu ko‘rsatkich ishonchli emas — datchik 40 darajadan oshganda aniqlikni yo‘qotadi. Bu haqda iqlimshunos Erkin Abdulahatov ma’lumot berdi.

Abdulahatov YouTube'dagi suhbatida aytishicha: «Cobalt avtomobilidagi harorat datchigi O‘zbekiston iqlimiga mos emas. U asosan G‘arb, Sharq davlatlari, xususan, Xitoy va Koreya bozori uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, bu hududlarda 40 darajadan yuqori harorat kuzatilmaydi. Shu sabab datchik aslida shunchagacha ishlashga mo‘ljallangan».
Mutaxassis fikriga ko‘ra, datchik harorat 40 darajadan oshib ketganda «o‘ynab ketishi» tabiiy hol hisoblanadi. Bu haqda avtomobilning texnik yo‘riqnomasida ham ta’kidlangan. Shuning uchun 50 yoki 80 daraja kabi ko‘rsatkichlarga ishonish mumkin emas.
Iqlimshunos 2020 yilda Urganch shahrida o‘tkazilgan bir misolni keltirdi. Unda oq va qora rangli Cobalt mashinalari yonida joylashtirilgan holda tekshiruv o‘tkazilgan. Shahar harorati 41 daraja bo‘lgan paytda, oq mashinada 48, qora mashinada esa 56 daraja deb ko‘rsatgan. Bu bir joyda turib turlicha natijalar qayd etilishini tasdiqlaydi.
Mutaxassislar ushbu datchik ko‘rsatkichlarini faqat taxminiy sifatida qabul qilishni va havo haqiqiy haroratini aniqlash uchun boshqa manbalardan foydalanishni tavsiya qilishmoqda.





