
Damashq Dayr-uz-Zavr neft konlarini nazoratga oladimi?
12.10.2025 | 15:1410033
Syria TV ma’lumotlariga ko‘ra, Suriya demokratik kuchlari (SDF) Dayr-uz-Zavr neft konlaridagi qazib chiqarishni Damashq hukumatiga topshirishga tayyor ekanligini bildirgan.

Syria TV telekanali manbalariga tayanib xabar berishicha, Suriya demokratik kuchlari (SDF) Dayr-uz-Zavr viloyatidagi neft konlarini Damashq hukumati ixtiyoriga topshirishga rozilik bildirgan. Bu kelishuv Suriya shimoliy-sharqiy hududlarini markaziy hokimiyat bilan birlashtirish jarayonining ilk bosqichi bo‘ladi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Dayr-uz-Zavr neft konlari bo‘yicha kelishuv o‘tgan hafta Damashqda bo‘lib o‘tgan Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a va RKK/YPG tashkilotining suriyalik yetakchisi Mazlum Abdi o‘rtasidagi uchrashuvda erishilgan.
Dastlabki kelishuvga muvofiq, integratsiya jarayoni Dayr-az-Zavr viloyatidan boshlanadi va u nafaqat neft sanoati ob’ektlarini, balki fuqarolik idoralari, harbiy va huquqni muhofaza qilish tizimlarini ham qamrab oladi. Manbalar kelishuv hozircha og‘zaki tarzda amalga oshirilganini ta’kidlagan.
So‘nggi kunlarda Damashqda diplomatik faollik kuchaygani kuzatilmoqda. Xususan, prezident Ahmad ash-Shar’aning AQSH delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Delegatsiya tarkibida AQSHning maxsus elchisi Tom Barak va Markaziy qo‘mondonlik rahbari admiral Bred Kuper ham bor edi. Uchrashuvda tashqi ishlar va mudofaa vazirlari hamda bosh razvedka boshlig‘i ishtirok etgan.
Kuzatuvchilar fikricha, Dayr-uz-Zavr neft konlarining Damashqga o‘tishi Suriyadagi iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni tiklashda hal qiluvchi qadam bo‘lishi mumkin. Ammo kelishuv amaliy bosqichga o‘tishidan oldin hali bir qator murakkab kelishuvlar kutilmoqda.





