
Damashqda cherkovda portlash: 20 kishi halok bo‘ldi
23.06.2025 | 13:0038252
Suriya poytaxti Damashqdagi pravoslav cherkovida 22 iyun kuni yuz bergan xunrez terakt oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi, 50 dan ortiq odam tan jarohati oldi.

“Sky News Arabia” hamda “Reuters” agentliklarining xabar berishicha, hujum Suriyaning Duvayla tumanidagi cherkovda sodir bo‘lgan. Guvohlar so‘zlariga ko‘ra, jangarilikka moyil shaxs ibodatxona ichida o‘zini portlatgan.
Suriyaning “Syria TV” telekanali va Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, halokatga uchraganlar soni 20 nafarga yetgan. Yana 52 kishi turli darajada tan jarohatlari olgan. Qutqaruv xizmatlari jabrlanuvchilarni shifoxonaga yetkazishda davom etmoqda.
Suriya Ichki ishlar vazirligi bu shaxs avval ibodatxonada o‘t ochgani, keyin esa portlovchi modda joylashtirilgan kamar orqali o‘zini portlatganini ma’lum qildi. Rasmiy manbalarga ko‘ra, u ISHID terrorchilik tashkiloti bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
So‘nggi haftalarda xalqaro terrorizm bilan bog‘liq hodisalar soni ko‘paymoqda. Xususan, yaqinda Hindistondagi Kashmir mintaqasida ham turistlarga qarshi hujum bo‘lib, o‘nlab odam halok bo‘lgandi. Bu voqea Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlarni yanada murakkablashtirgan.





