
Daniya fuqarolarining tashqi ko‘rinish va ovozlarini mualliflik huquqi bilan himoya qilinadi
12.07.2025 | 15:0029684
Daniya hukumati inson o‘z tashqi ko‘rinishi va ovozidan faqat o‘z roziligi bilan foydalanilishi kerak, deb hisoblamoqda. Yangi qonun taklifi sun’iy intellekt orqali yaratiladigan soxta tasvir va ovozlardan fuqarolarni huquqiy jihatdan himoya qilishni nazarda tutadi.

The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, Daniya dunyoning birinchi davlatlaridan bo‘lib o‘z fuqarolarga yuzini, ovozini va umumiy obrazini mualliflik huquqi bilan himoya qilish imkonini beruvchi qonun tayyorlamoqda. Qonun kuchga kirsa, odamlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan «dipfeyk» kontentlarni olib tashlashni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Dipfeyklar — sun’iy intellekt texnologiyasi orqali yaratilgan soxta foto, video yoki audiolar bo‘lib, ular real shaxsning yuzi, ovozi yoki xatti-harakatlarini taqlid qiladi. Bunday kontent ko‘pincha shantaj, soxta axborot tarqatish va shaxs sha’niga dog‘ tushirish maqsadida ishlatiladi.
Daniya madaniyat vaziri Yakob Engel-Shmidt qonunni insonning «asosiy huquqlarini raqamli davrda himoya qilish vositasi» deb atadi. Unga ko‘ra, inson o‘z yuzi va ovozidan qanday foydalanilishi ustidan to‘liq nazorat qilish huquqiga ega bo‘lishi shart. Qonunga ko‘ra, shaxsning roziligisiz har qanday maqsadda dipfeyk yaratilishi taqiqlanadi. Faqat satira va jamoatchilik tanqidi kabi holatlar istisno sifatida qoladi.
Qonun loyihasini parlamentdagi partiyalarning aksariyati qo‘llab-quvvatlamoqda, u jamoatchilik muhokamasidan ham o‘tgan. Mutaxassislar qonunni Yevropaning boshqa davlatlari uchun ham namunaviy hujjat sifatida baholamoqda, ayniqsa Daniya 2025 yil iyulidan Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan bir paytda.
Yangi tartibga ko‘ra, dipfeyklarni olib tashlash majburiyati platforma operatorlari zimmasiga yuklanadi. Rad etganlar jarimaga tortiladi. Biroq dipfeyk kontentni yaratgan shaxslar to‘g‘ridan to‘g‘ri javobgarlikka tortilishmaydi.
Ekspertlar qonunni amalga oshirishda muammolar bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda: masalan, satiraning aniq ta’rifi yo‘q va aksariyat xolatlarda ushbu kontent chet elda tarqatiladi. Shunga qaramay, bu tashabbus raqamli shaxsiy daxlsizlikni himoya qilishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.





