add

Daniya pensiya fondi AQSH qarzlaridan voz kechmoqchi

Bugun 08:182 daqiqa

Trampning Grenlandiya bo‘yicha da’volari Yevropa investorlarini AQSH davlat obligatsiyalaridan chiqishga undamoqda.

Daniya pensiya fondi AQSH qarzlaridan voz kechmoqchi

Daniyaning yirik pensiya jamg‘armalaridan biri — «AkademikerPension» shu oy oxirigacha AQSH g‘aznachilik obligatsiyalaridan to‘liq chiqishini e’lon qildi. «Bloomberg» nashrining xabar qilishicha, bu qaror AQSH prezidenti Donald Tramp siyosati ortidan yuzaga kelgan kredit xavflari bilan bog‘liq. Jamg‘arma rahbariyati ayniqsa Grenlandiyaga nisbatan ilgari surilgan da’volarni xavfli signal sifatida baholamoqda.

Fond 2025 yil oxiriga kelib 25 mlrd dollarlik aktivlarni boshqargan va shundan taxminan 100 mln dollar AQSH davlat obligatsiyalariga to‘g‘ri kelgan. Endi bu paket to‘liq sotuvga chiqariladi.

 

«Jin ko‘zadan chiqdi»

Fondning bosh investitsiya direktori Anders Shelde agentlikka bergan izohida AQSHning kredit reytingi va moliyaviy barqarorligi uzoq muddatda shubha uyg‘otayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, obligatsiyalarni ushlab turishning yagona sababi likvidlik va risklarni boshqarish bo‘lgan, biroq hozir bu vazifani bajara oladigan muqobil vositalar topilgan.

Shelde Trampning Grenlandiyani nazorat qilish haqidagi bayonotlarini qarorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘ladi. U «jin ko‘zadan chiqdi» deya ta’riflab, AQSHdagi moliyaviy intizomning susayishi va dollarga ishonch pasayishi ham sotuvni oqlashini qayd etdi.

 

Kelishuv qayta ko‘rib chiqiladi

2025 yil oxirida Tramp Grenlandiyani AQSH nazoratiga olish ritorikasini kuchaytirib, orol Rossiya yoki Xitoy ta’siriga o‘tishi mumkinligini aytgan edi. Javoban Daniya Yevropa Ittifoqi davlatlari va Buyuk Britaniya qo‘llovi bilan hudud daxlsizligini e’lon qildi hamda NATO doirasida harbiy mashqlar o‘tkazdi. Tramp esa 1-fevraldan Daniya va uni qo‘llagan yana yetti Yevropa mamlakati importiga 10 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qildi.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, mojaroni yumshatish maqsadida NATO bosh kotibi Mark Ryutte 1951 yilgi Grenlandiyani himoya qilish to‘g‘risidagi kelishuvni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha muhokamalarni boshlagan.

Daniya fondining mazkur qarori esa geosiyosat moliya bozorlariga qanday tez ta’sir qilayotganining yaqqol misoli bo‘ldi.

Teglar

Mavzuga oid