
Daraxt kesish uchun berilgan arizalarni onlayn kuzatish mumkin
20.05.2025 | 16:0040143
2025 yil 1 dekabrdan boshlab daraxt kesishga ruxsat so‘rayotgan shaxslar va ularning murojaatlari haqidagi barcha ma’lumotlar ommaviy portal orqali jamoatchilikka taqdim etiladi. Bu jarayon Prezident qaroriga asosan atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik shaffoflikni oshirish maqsadida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Prezidenti qarori bilan 2030 yilgacha aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Mazkur hujjatga ko‘ra, Ekologiya vazirligi 2025 yil 1 dekabrdan boshlab daraxt kesish bilan bog‘liq barcha arizalar, jamoat eshituvlari va ularning natijalarini onlayn tarzda e’lon qilib borish majburiyatini oladi.
Ya’ni, qanday shaxs daraxt kesish uchun ariza bergani, u qayerda joylashgani, qancha va qaysi turdagi daraxtni kesishni rejalashtirayotgani, shuningdek jamoat eshituvi qachon va qayerda o‘tkazilayotgani va unda qanday xulosalar chiqarilgani haqidagi ma’lumotlar ochiq portalda joylashtiriladi.
Qarorga muvofiq, noqonuniy tarzda daryolardan shag‘al va qum qazib olayotgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar ham ochiqlanadi. Bu orqali fuqarolar atrof-muhitga yetkazilayotgan zararlardan xabardor bo‘lishi va huquqbuzarlarga nisbatan jamoatchilik nazorati kuchaytirilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, «Yashil makon» loyihasi doirasida ekilgan daraxtlar, ularning joylashuvi, parvarishga mas’ul shaxslar va ko‘chat turlari haqidagi ma’lumotlar ham ochiq manbalarda e’lon qilinadi.
Bundan tashqari, chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, ularning manzillari, telefon raqamlari va mas’ul shaxslari haqidagi axborotlar ham keng jamoatchilik uchun ochiq bo‘ladi. Bu choralar orqali mamlakatda ekologik masalalarda aniqlik va shaffoflik ta’minlanishi maqsad qilingan.





