add

Davlat banklarini xususiylashtirish nega kechikmoqda?

Bugun 16:551143

Fitch Ratings co‘nggi hisobotida O‘zbekistonda banklarni xususiylashtirish siyosati o‘zgarganiga izoh berdi.

Davlat banklarini xususiylashtirish nega kechikmoqda?

Fitch Ratings xalqaro reyting agentligining noyabr oyidagi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda banklarni xususiylashtirish jarayoni endi ommaviy emas, balki aniq yo‘naltirilgan va maqsadli bosqichga o‘tmoqda. Dastlab davlat aktivlarini keng ko‘lamda sotish nazarda tutilgan bo‘lsa, hozirda hukumat ishonchli va barqaror tijorat modellariga ega bo‘lgan banklarni bozorga tayyorlashga e’tibor qaratmoqda.

2017 yilga qadar O‘zbekiston bank tizimi davlat siyosatining moliyaviy vositasi edi. Bank aktivlarining 80 foizdan ortig‘i davlat nazoratida bo‘lib, kreditlar «tarmoq ustuvorligi» asosida taqsimlanardi. Banklar raqobatchi emas, balki davlat loyihalarini moliyalashtiruvchi institutlar sifatida ishlar edi. Ammo mazkur tizim banklarning samaradorligini va mustaqilligini pasaytirib, ko‘p hollarda barqarorlik budjet mablag‘lari bilan ta’minlanib keldi.

Shunday sharoitda 2020 yilda 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan bank tizimini isloh qilish strategiyasi qabul qilindi. Strategiyaning asosiy maqsadi — banklarni ma’muriy institutdan tijorat sub’ektiga aylantirish, raqobat va investitsiya muhitini yaratishga qaratildi.

Ommaviy emas, bosqichma-bosqich xususiylashtirish

Dastlabgi rejaga ko‘ra, davlat oltita yirik bank Asakabank, SQB, Ipoteka Bank, Aloqabank, Turonbank va Biznesni rivojlantirish banki (sobiq Qishloqqurilishbank) ni xususiylashtirishni mo‘ljallagan bo‘lsa-da, tajriba chuqur transformatsiyani amalga oshirmay turib ommaviy sotuv samara bermasligini ko‘rsatdi. Chunki xorijiy investorlar faqat korporativ boshqaruvi, xatarni boshqarish tizimi va tijorat salohiyati shakllangan banklarga qiziqish bildirishdi.

Shundan so‘ng strategiya qayta ko‘rib chiqildi. Natijada har bir bank uchun alohida transformatsiya dasturi ishlab chiqildi, xususiylashtirish bosqichma-bosqich amalga oshirilishi, davlatning roli moliyalashtirishdan emas, boshqaruv va tartibga solishdan iborat bo‘lishi belgilandi.

Fitch Ratings hisobotida ta’kidlanishicha, O‘zbekistondagi banklarni xususiylashtirish dasturi «yangi bosqichga — aniq va maqsadli yo‘nalishga» o‘tgan. Ta’kidlanishicha, davlat banklari orasida Sanoatqurilishbank (SQB) birinchi bo‘lib to‘liq tijorat modeliga o‘tgan va xususiylashtirish uchun namunali keys sifatida ko‘rilmoqda.

«SQB’ning muvaffaqiyatli xususiylashtirilishi boshqa davlat banklari uchun namuna bo‘ladi. Bu davlat kafolatlari o‘rniga korporativ boshqaruv orqali ishonch yaratishning yangi bosqichidir», deya ta’kidlamoqda Fitch tahlilchilari.

Yangi moliyaviy arxitektura

Banklarni xususiylashtirish sari boshlangan so‘nggi islohotlarda sotuvi istiqbolli deb ko‘rilayotgan moliya muassasalari ulushining Franklin Templeton xalqaro moliya guruhi boshqaruvidagi O‘zbekiston milliy investitsiya jamg‘armasiga o‘tkazilishi muhim voqelik sifatida ko‘rilmoqda. Jumladan, yaqinda Sanoatqurilishbank 30 foiz aksiyasining mazkur jamg‘armaga o‘tkazib berilishi, tahlilchilar fikricha, nafaqat aksiyalar rotatsiyasi, balki institutsional investorlar uchun «ochiq eshik» mexanizmidir.

Fitch ma’lumotiga ko‘ra, jamg‘arma 2026 yilda IPO o‘tkazgandan so‘ng, SQB’ning nazorat paketi xususiy investorlarga taklif etilishi mumkin. Bu jarayon muvaffaqiyatli o‘tsa, Aloqabank va Asakabank uchun ham yo‘l xaritasiga aylanadi.

Xulosa o‘rnida Agentlik o‘z hisobotida uchta muhim tezisni belgilaydi:

1. Ommaviy emas, maqsadli xususiylashtirish. Davlat resurslarni bir nechta muhim banklarga yo‘naltirmoqda.

2. Sotuvdan oldin transformatsiya. Har bir bank avvalo samarali tizimga aylanishi kerak.

3. Xorijiy investorlar uchun ochiqlik. Milliy investitsiya jamg‘armasi va Franklin Templeton ishtirokining o‘zi ishonch signali sifatida baholanadi.

Ma’lumot uchun: Franklin Templeton Singapurdagi «Franklin Templeton Capital Holdings Private Limited» kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. O‘z navbatida, ushbu kompaniya Amerika Qo‘shma Shtatlarida 1947 yilda tashkil topgan va bugungi kunda 30 tadan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan «Franklin Templeton Investments, Inc.» sho‘’ba korxonasi hisoblanadi.

O‘zbekistonda Franklin Templeton Milliy investitsiya jamg‘armasiga tegishli bo‘lgan 15 ta davlat korxonasi va tijorat banklari aksiyalaridan iborat investitsion portfelni boshqarib, ularning investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan transformatsiya dasturlarini amalga oshiradi va mazkur korxona va banklar aksiyalarini mahalliy va xalqaro fond birjalariga olib chiqiladi.

Teglar

Mavzuga oid

Davlat banklarini xususiylashtirish nega kechikmoqda? | Vaqt.uz