
Davlat boshqaruvi akademiyasi qayta tashkil etiladi
13.05.2025 | 15:491223
Prezident farmoniga muvofiq, Davlat boshqaruvi akademiyasi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasiga aylantiriladi. Ta’lim sifatini oshirish va rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish — asosiy maqsadlardan biri etib belgilandi.

Prezidentning «Istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash va davlat xizmatiga samarali jalb etish»ga oid farmoniga ko‘ra, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi endilikda Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi sifatida faoliyat yuritadi. Yangi formatdagi akademiya rahbar kadrlar, nomzodlar va davlat xizmatchilari uchun malakani oshirish va qayta tayyorlash dasturlarini amalga oshiradi.
2025 yil 1 oktyabrdan akademiyada qisqa muddatli kurslar joriy etiladi. Ular yakunlangach, ishtirokchilar bilim va ko‘nikmalar bo‘yicha diagnostikadan o‘tadi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab geosiyosat, barqaror rivojlanish, loyiha boshqaruvi va boshqa yo‘nalishlarda maxsus kurslar tashkil etiladi. Shuningdek, «Rahbar ayollar», «Kelajak liderlari» va boshqa o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Akademiyadagi magistratura dasturlari 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab «Hududlarni rivojlantirish», «Inson resurslari» kabi mutaxassisliklarda amalga oshiriladi. 2026/2027 yildan esa «Davlat siyosati» va «Davlat moliyasini boshqarish» bo‘yicha xalqaro qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yiladi.
Akademiya huzurida Vasiylik kengashi va Xalqaro akademik maslahat kengashi tuziladi. Ushbu islohotlar prezident tomonidan istiqbolli kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirish tashabbusining bir qismi sifatida amalga oshirilmoqda.





