
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlariga to‘liq tanlov asosida ishga olinadi
Davlat xizmatida rahbar va mutaxassis lavozimlarini egallashda malaka, halollik va professionallikni asosiy mezon sifatida belgilovchi yangi tartib qabul qilinishi mumkin.

O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmati tizimini meritokratiya, halollik va professionallik tamoyillari asosida tubdan takomillashtirish rejalashtirilmoqda. Yangi maqsadlarga ko‘ra, rahbar va mutaxassis kadrlar toifasidagi barcha lavozimlar 100 foiz ochiq tanlovlar orqali to‘ldiriladi.
Belgilangan vazifalarga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatida boshqaruv va mutaxassis lavozimlarini egallash to‘liq malaka darajasiga asoslangan karera modeli orqali amalga oshiriladi. Bu qaror kadrlar tanlovida sub’ektiv omillarni kamaytirish va professional kadrlarni ilgari surishga qaratilgan.
Shu bilan birga, davlat fuqarolik xizmatchilarining bilim va ko‘nikmalarini doimiy ravishda oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Edu.argos.uz masofaviy ta’lim platformasi orqali onlayn malaka oshirish bilan qamrovni 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bu orqali barcha davlat xizmatchilari uchun uzluksiz ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Raqamli xizmatlardan foydalanishni kengaytirish ham ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi. Xususan, «Davlat xizmatchisi» mobil ilovasidan foydalanayotgan davlat fuqarolik xizmatchilari ulushini ham umumiy sonidan 100 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Kadrlar salohiyatini yanada kuchaytirish maqsadida istiqbolli va talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha maqsadli stajirovkalar tashkil etiladi. Rejaga ko‘ra, vazirlik va idoralar, iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda tadqiqot va tahliliy markazlarining kamida 200 nafar xodimi 1 oydan 6 oygacha muddatga stajirovka o‘taydi.
Shuningdek, «El-yurt umidi» jamg‘armasi bitiruvchilarining yillik ijtimoiy, iqtisodiy va institutsional ijobiy ta’sir ko‘rsatkichlari o‘rtacha 0,8 koeffitsiyentdan kam bo‘lmasligini ta’minlash vazifasi belgilangan. Bu talab ishlab berish majburiyati to‘liq o‘talgunga qadar amal qiladi.





