
Davlat fuqarolik xizmati ro‘yxatiga yangi idora va lavozimlar qo‘shildi
Davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilinishi belgilangan organlar ro‘yxatiga uchta agentlik, lavozimlar reyestriga esa qator yangi vazifalar kiritildi.

14-noyabr kuni Adliya vazirligi tomonidan «Davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilinadigan davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxati hamda lavozimlarining davlat reyestriga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Unga muvofiq, davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilinadigan organlar ro‘yxati yana uchta tuzilma bilan to‘ldirildi. Ular — Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi va Kasbiy ta’lim agentligidir. Bu o‘zgarishlar mazkur idoralarda xizmatni yagona mezonlar asosida tashkil qilish va xizmatchilarning huquqiy maqomini aniq belgilashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri ham kengaytirildi. Respublika miqyosidagi vazirlik va idoralarda 16 ta yangi lavozim joriy etilmoqda. Ular orasida axborot xizmati rahbari, bosh inspektor, bosh maslahatchi, bosh yuriskonsult kabi vazifalar mavjud.
Hududiy bo‘linmalar uchun esa 14 ta yangi lavozim tasdiqlandi. Ular qatorida matbuot kotibi, devonxona mudiri, yetakchi va katta maslahatchi kabi vazifalar bor. Mazkur o‘zgarishlar davlat xizmatini markazlashtirilgan tarzda yuritish, kadrlar salohiyatini oshirish va faoliyat samaradorligini ko‘tarishga qaratilgan.





