Davlat idoralarida bir xodimga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha maydon 2 baravarga qisqartiriladi

Davlat ko‘chmas mulki obyektlari bosqichma-bosqich yagona boshqaruv tizimiga o‘tkaziladi, bir xodimga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha maydon 27 kvadrat metrdan 12-15 kvadrat metrgacha qisqartiriladi.

Davlat idoralarida bir xodimga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha maydon 2 baravarga qisqartiriladi © Foto: president.uz

Davlat ko‘chmas mulki obyektlarini bosqichma-bosqich yagona boshqaruv tizimiga o‘tkazish, bir xodimga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha maydonni 27 kvadrat metrdan 12-15 kvadrat metrgacha qisqartirish taklif etildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni tanishgan taqdimotda so‘z bordi.

Ta’kidlanishicha, bu orqali 4,9 million kvadrat metr maydonni iqtisodiy aylanmaga kiritish, bo‘sh binolarni savdo va ijaraga chiqarish, shuningdek, saqlash va kommunal xarajatlarni qisqartirish imkoniyati yaratiladi.

Yig‘ilishda xususiylashtirish jarayonlarida ish o‘rinlarini saqlab qolish, yangi mulkdorlar tomonidan zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi va ishlab chiqarish samaradorligi oshirilishi bo‘yicha talablarni kuchaytirish zarurligi haqida ham so‘z bordi.

Taqdimotda davlat korxonalarini tahlil qilish tizimida zamonaviy raqamli vositalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanilmayotgani qayd etildi. Moliyaviy holati og‘irlashgan 451 ta korxona 2024 yilda 14 trillion so‘m, o‘tgan yili esa 362 ta korxona 4 trillion so‘m zarar ko‘rgani aytildi. Shu munosabat bilan davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini chuqur tahlil qilish, moliyaviy barqarorligini baholash va muammolarni barvaqt aniqlashning yangi mexanizmini joriy etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Xususiylashtiriladigan «UzAuto Motors» va uning tarkibidagi korxonalar

Yig‘ilishda tadbirkorlarga ajratilgan, lekin iqtisodiy aylanmaga to‘liq kiritilmagan yer uchastkalari masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 2022-2025 yillarda berilgan 11,4 ming gektar yerning 3,1 ming gektarida iqtisodiy faoliyat to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani ta’kidlandi.

Shu bois, yer uchastkalarining haqiqiy holatini onlayn monitoring qilish, ularni tayyor loyihalar asosida auksionga chiqarish va investitsiya kiritish shartini kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun «E-auksion», «Yerelektron», O‘zbekkosmos agentligi, «Shaffof qurilish» va «UzKAD» kabi axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilgan holda samarali foydalanilmayotgan yerlarni aniqlash tizimini joriy etish taklif qilindi.

Ushbu yerlarni iqtisodiy aylanmaga kiritishda joylardagi hokimliklarning rolini oshirish topshirildi. Endi tadbirkorlik maqsadlari uchun yer maydonlari ruxsat beruvchi hujjatlari bilan birga tayyor biznes loyihasi sifatida auksionga chiqariladi.

Shuningdek, yirik aktivlar, jumladan, «UzAuto Motors» va uning tarkibidagi korxonalar, «Navoiyazo»”, issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirishga tayyorlash ishlari haqida axborot berildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligida raqamli texnologiyalar loyiha ofisini tashkil etish taklifi bildirildi. Ushbu tizim doirasida xususiylashtirishning barcha jarayonlari onlayn kuzatib boriladi, davlat korxonalarining moliyaviy tahlili va tushumlarni taqsimlash jarayonlariga sun’iy intellekt elementlari joriy qilinadi.

Davlat rahbari iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish, aktivlardan samarali foydalanish va xususiylashtirish jarayonlarini zamonaviy yondashuvlar asosida tezlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid