
Davlat idoralarida ijro intizomi kuchaytiriladi — Adliya vazirligi
28.07.2025 | 17:2230094
Prezident davlat idoralarida hujjatlar ijrosini nazoratga olish va rahbarlarning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan yangi farmonni imzoladi. Endilikda davlat organlarida ijro intizomini nazorat qilish uchun sun’iy intellekt qo‘llaniladi.

Adliya vazirligining ma’lum qilinishicha, 2025 yil 23 iyul kuni qabul qilingan mazkur farmon orqali ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha bir qator yangiliklar joriy etiladi.
Farmonga ko‘ra, ijro intizomini tashkil etish va uni nazorat qilishda bir nechta asosiy yo‘nalishlar belgilanmoqda. Ularning eng muhimi — davlat rahbariyati hujjatlari ijrosini nazorat qilishda samarali mexanizmlarni joriy etish va bu jarayonga sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq qilish.
Hisob palatasiga yangi vakolatlar beriladi
Farmon bilan Hisob palatasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:
- qonunlar, farmonlar va qarorlar asosida ajratilgan byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi va samaradorligini tahlil qilish;
- mansabdor shaxslarning intizomi va javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish;
- davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish orqali ijroni ta’minlash.





