add

Davlat idoralarida Yangi yil korporativlarini budjet hisobidan tashkillashtirish taqiqlanadi

Bugun 14:551341 daqiqa

Hukumat qarori bilan davlat idoralariga budjet hisobidan Yangi yil korporativlarini o‘tkazish taqiqlandi.

Davlat idoralarida Yangi yil korporativlarini budjet hisobidan tashkillashtirish taqiqlanadi

O‘zbekiston hukumatining tegishli qarori davlat xarajatlarini maqsadli va tejamkor yo‘naltirish, ortiqcha sarf-xarajatlarni cheklashga qaratilgan.

Hujjatga ko‘ra, vazirliklar, idoralar, hududiy hokimiyat organlari, jumladan viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lmagan xo‘jalik birlashmalari uchun Yangi yil munosabati bilan korporativ tadbirlar o‘tkazish va bayram dasturxonini yozish man etiladi. Bu cheklov budjet mablag‘lari bilan bir qatorda, byudjetdan tashqari manbalar hisobidan moliyalashtirishga ham taalluqli.

Qarorda ta’kidlanishicha, mazkur taqiq davlat organlari va tashkilotlari tomonidan mablag‘larni asossiz sarflashning oldini olishga qaratilgan. Shu bilan birga, davlat tashkilotlari xodimlariga muayyan imkoniyat qoldirilgan. Xodimlar o‘z shaxsiy mablag‘lari, ya’ni oylik maoshi yoki rag‘bat pullari hisobidan, ish vaqtidan tashqari paytlarda Yangi yil bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarni mustaqil ravishda tashkil etishlari mumkin.

Hukumat qarorining amal qilish doirasi faqat davlat sektorini qamrab oladi. Davlatga qarashli bo‘lmagan tijorat tashkilotlari, xususiy firmalar va kompaniyalar uchun mazkur cheklovlar tatbiq etilmaydi. Ular bayram tadbirlarini o‘z ichki qoidalari va moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib tashkil etishda erkin qoladi.

Mazkur qaror budjet intizomini kuchaytirish, davlat mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish va jamoatchilik oldida ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan navbatdagi chora sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Davlat idoralarida Yangi yil korporativlarini budjet hisobidan tashkillashtirish taqiqlanadi | Vaqt.uz