add

Davlat korxonalarida «reviziya»: boshqaruvda tozalash bo‘ladi

Prezident farmoyishi bilan davlat korxonalarida boshqaruv xodimlari sonini 10 foizga qisqartirish vazifasi qo‘yildi.

Davlat korxonalarida «reviziya»: boshqaruvda tozalash bo‘ladi

Prezidentning yangi farmoyishi davlat korxonalarida boshqaruv tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqishni boshlab, ortiqcha lavozimlarni qisqartirish va xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan reviziya jarayonini yo‘lga qo‘ydi.

O‘zbekistonda davlat korxonalari boshqaruv xodimlari soni 10 foizgacha qisqartiriladi. Bu prezidentning 18-noyabrdagi farmoyishida ko‘zda tutilgan.

Farmoyishga ko‘ra, davlat korxonalarida tannarxni kamaytirish va samaradorlikni oshirish masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tuzilmoqda. Unga ikki oy muddatda davlat korxonalari boshqaruv xodimlari sonini 10 foizgacha qisqartirish yuzasidan Prezident administratsiyasiga taklif kiritish topshirildi.

Respublika komissiyasi davlat korxonalarining keng iste’mol tovarlari bo‘yicha umumiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida birgalikda xaridlarni tashkil etish ishlarini ta’minlaydi. Zarur hollarda, birgalikda xaridlarni amalga oshirish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda ekspertlar, ekspert tashkilotlari yoki maxsus xarid tashkilotchilarini (professional agentlar yoki xarid komissiyalari) jalb etadi.

Hujjatga ko‘ra, davlat korxonalari prezident qarorlari va topshiriqlaridan tashqari boshqa hollarda homiylik yordamlarini ko‘rsatishni to‘xtatadi.

Shuningdek, Hisob palatasiga ikki oy muddatda UzAssets AJ bilan uning boshqaruvidagi strategik yirik davlat korxonalari tomonidan 2026 yil uchun ishlab chiqilgan biznes-rejalarni tanqidiy ko‘rib chiqib, ularni takomillashtirish yuzasidan kuzatuv kengashlariga takliflar berish yuklatildi.

Teglar

Mavzuga oid