
Davlat mablag‘larini talon-taroj qilgan IIV sobiq mansabdorlari hibsga olingani aytilmoqda
Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamentining sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov o‘tgan oy qamoqqa olingani haqida rasman tasdiqlanmagan xabarlar tarqaldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va rasman tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari, Jamoat xavfsizligi departamentining sobiq boshlig‘i Bekmurod Abdullayev hamda Jazoni ijro etish departamentining sobiq rahbari Rustam Tursunov o‘tgan oyda hibsga olingan. Bu ikki yuqori mulozim yirik miqdorda «ishonib topshirilgan davlat mol-mulkni o‘zlashtirish» (ya’ni, «rastrata») da ayblanmoqda.
Vaqt.uz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga murojaat qildi. Biroq, bu borada aniq javob ololmadi.
Bekmurod Abdullayev va Rustam Tursunov 3-noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti qarori bilan lavozimidan bo‘shatilgani haqida Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qilgan edi.
Bekmurod Abdullayev 2021 yil aprelidan buyon Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelgan. Ushbu tayinlovga qadar u O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan.
Rustam Tursunov esa 2021 yil fevral oyidan beri Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga rahbarlik qilgan.
Qayd etib o‘tish kerak, Preziden Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashni davlat siyosati darajasida keskin kuchaytirishini ma’lum qilgan edi. Prezident korrupsioner amaldorlarni islohotlarga xiyonatda ayblab, 2026 yilda mamlakatda korrupsiyaga qarshi «favqulodda holat» e’lon qilgan edi.
Shuningdek, davlat rahbari lavozim va unvon hech kimni qonun oldida javobgarlikdan ozod qilmasligini qat’iy ta’kidlagan edi.
Teglar






