
Davlat tilini bilmaydigan amaldorlar jarimaga tortiladi
26.06.2025 | 10:4035123
Qirg‘iziston parlamenti davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha yangi qonun qabul qildi. Endi deputatlar, amaldorlar, huquq-tartibot idoralari xodimlari va sudyalar qirg‘iz tilini bilishi shart. Bu haqda Jogorku Kenesh matbuot xizmati malum qildi.

Jogorku Kenesh sessiyasida davlat tili qo‘llanilishiga oid ayrim qonunlarga o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonun loyihalari ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi. Yangi qoidalarga ko‘ra, mamlakatning barcha yuqori darajadagi amaldorlari qirg‘iz tilini bilishi shart bo‘ladi.
Qonun deputatlar, Vazirlar mahkamasi raisi, hukumat a’zolari, Konstitutsiyaviy va Oliy sud, mahalliy sudlar sudyalari, prokurorlar, tergovchilar, Milliy bank xodimlari, huquq-tartibot organlari hamda milliy xavfsizlik xizmatlari faollari uchun til bilish majburiyatini belgilovchi normalarni o‘z ichiga oldi.
Shuningdek, advokatlar va notariuslar qirg‘iz tilini yetarli darajada bilmasdan litsenziya olish imkoniga ega bo‘lmaydi. Qonun loyihasi davlat tilini ommaviy axborot vositalarida kengroq qo‘llashni ham talab qiladi. Endilikda televideniye va radioda qirg‘iz tilidagi eshittirishlar umumiy efir vaqtining kamida 60 foizini tashkil etishi shart.
Tashqi migratsiya to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda doimiy yashash uchun davlat tilini bilish majburiy bo‘ladi. Agar chet el fuqarosi tilni bilmasa, unga iqomat yoki immigrant maqomi berilmaydi.
Bundan tashqari, davlat tilida tayyorlangan reklama matnlari mahalliy hokimiyat organlari tomonidan orfografiya va til qoidalariga muvofiqligi yuzasidan tasdiqlanishi shart.
Til qonunlari buzilgan taqdirda jismoniy shaxslarga 5 ming som, yuridik shaxslarga esa 17 ming som jarima solinadi. Bu jarimalarni Qirg‘iziston Milliy til va til siyosati komissiyasi ko‘rib chiqadi va qaror qabul qiladi.





