
Davlat xaridlarida 4,3 milliard so‘mlik qonunbuzarliklar aniqlandi
26.08.2025 | 20:4041007
Raqobat qo‘mitasi qator tenderlarda ishtirokchilar noxolis baholanganini va affillangan kompaniyalar ishtirok etganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda 4,3 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzarlik holatlari aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ Qo‘ng‘irot sanatoriysi tomonidan o‘tkazilgan 654 mln so‘mlik tenderda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilgan. Shartnoma haqiqiy emas deb topilgan va buyurtmachiga jarima belgilangan.
Andijon ftiziatriya sihatgohi tomonidan o‘tkazilgan 270 mln so‘mlik 2 ta tenderni o‘tkazishda qonunchilikda belgilangan tartib buzilgani aniqlangan. Buyurtmachiga rasmiy ko‘rsatma berilib, mansabdor shaxsga ma’muriy chora ko‘rish yuzasidan tegishli ma’lumotlar sud organlariga yuborilgan.
Buxoroda esa 440 mln so‘mlik ovqat yetkazib berish tenderi o‘rganilib, talablarga to‘liq javob bermagan ishtirokchilarga noxolis baho berilgani aniqlangan. Holat yuzasidan buyurtmachiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy ko‘rsatma berilgan.
Navoiy viloyati G‘ozg‘on shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan 41,2 mln so‘mlik oziq-ovqat xaridi bo‘yicha e’lon joylashtirilgan. Savdolarda bitta ta’sischiga ega ikki korxona ishtirok etgani aniqlanib, mazkur sub’ektlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan va bajarilishi majburiy ko‘rsatma berilgan.
Navoiy shahar Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 63 mln so‘mlik jihozlar xaridida ishtirokchilar to‘liq va xolis baholanmagani aniqlanib, ish qo‘zg‘atilib majburiy ko‘rsatma berilgan. Tanlovda ishtirok etgan ikki cub’ekt o‘rtasida raqobatga zid kelishuv alomatlari bo‘lgani uchun ham ish qo‘zg‘atilib, “BRIGHT LAND” MCHJga moliyaviy jarima qo‘llanilgan.
O‘zbekiston Mahallalari uyushmasining Koson tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan 70 mln so‘mdan ortiq 4 ta tenderda takliflarni baholash mezonlari buzilgan. Mansabdor shaxsga ma’muriy chora ko‘rish yuzasidan tegishli ma’lumotlar sud organlariga yuborilgan.
Samarqand viloyati «etender.uzex.uz» portali orqali o‘tkazilgan 2,6 mlrd so‘mlik 7 ta tenderda faqat 2 ta affillangan korxona ishtirok etgani sababli raqobat muhiti buzilgan. Sud qaroriga muvofiq, har ikkala korxonaga moliyaviy jarima qo‘llanilgan.
Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyat hududiy filiali amalga oshirgan 62 mln so‘mlik 3 ta davlat xaridida qonunbuzilish aniqlanib, muassasaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi va majburiy ko‘rsatma berilib, belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli organga taqdim etilgan.
“O‘zbekko‘mir” AJning 271 mln so‘mlik tenderida “FOROFFICE” MCHJ va “FULL-MIX” XK korxonalari bir xil IP manzildan qatnashgani aniqlanib, qonun talablarini buzganligi uchun ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarimalar qo‘llanildi va bajarilishi majburiy ko‘rsatma berilgan.
Ma’lumot uchun: “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga muvofiq, davlat xaridlarida barcha tender ishtirokchilariga teng sharoitlar yaratilishi, ular takliflari belgilangan talablar va baholash mezonlari asosida xolic va shaffof tarzda baholanishi shart. Shuningdek, savdolarda bir lot doirasida affillangan yoki o‘zaro manfaatdor bo‘lgan shaxslarning ishtirok etishi, tender natijasini sun’iy ravishda nazorat qilish — raqobatga zid harakat sifatida baholanadi.





