add

Davlat xaridlarida bozor narxi sun’iy intellekt orqali aniqlanadi

Bugun 14:282 daqiqa

Yangi tartiblar davlat xaridlarida raqobatni kuchaytirib, narx shakllanishida inson omilini keskin kamaytirishni maqsad qiladi.

Davlat xaridlarida bozor narxi sun’iy intellekt orqali aniqlanadi

O‘zbekistonda davlat xaridlari tizimida raqobat va shaffoflikni oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshiriladi. Prezident farmoniga muvofiq, davlat xaridlarining qulay va zamonaviy ekotizimini yaratish hamda unga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish ustuvor vazifa etib belgilandi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1-martdan davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida xarid predmetining o‘rtacha bozor narxini sun’iy intellekt asosida hisoblab beruvchi elektron modul ishga tushiriladi. Bu mexanizm narxlarni sun’iy oshirish xavfini kamaytirishga xizmat qiladi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi birinchi darajali mas’ul organ etib belgilangan.

2026 yil 1-yanvardan davlat xaridlarida «taklif so‘rovi» deb nomlangan yangi raqobatli tartib-taomil joriy etiladi. Shu bilan birga, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali amalga oshiriladigan xaridlar ro‘yxati bekor qilinib, bunday xaridlar faqat raqobatli usullar asosida o‘tkaziladi. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida ijrochi nomi aniq ko‘rsatilishi shart bo‘ladi.

Elektron do‘konda ofertalarni joylashtirish muddati 60 kungacha uzaytiriladi, tovar yetkazib berish uchun esa kamida 5 kun belgilanadi. Xarid hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish muddatlari qiymati va murakkabligiga qarab qisqartiriladi.

2026-yil 1-iyuldan quyidagilar joriy etiladi:

Davlat xaridlariga oid takliflarni davlat xaridlari elektron tizimi orqali faqat elektron shaklda baholash;

Davlat buyurtmachilari tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) qabul qiluvchi shaxslarga ishonchnomalarni davlat xaridlari elektron tizimi orqali elektron ko‘rinishda rasmiylashtirish.

Quyidagi mexanizmlarni nazarda tutuvchi «Davlat xaridlarida nazorat» sahifasi joriy etiladi:

Davlat xaridlari sohasiga oid huquqbuzarliklar vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarning yagona tasnifini shakllantirish;

Xavf-xatarlarni toifalarga ajratish, shuningdek, ularni avtomatik aniqlash va xabardor qilish;

Davlat buyurtmachilarini sodir etgan huquqbuzarliklariga ko‘ra toifalarga ajratish;

Davlat xaridlarida eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga oluvchi «Xaridlarda KPI» raqamli reytingini joriy qilish.

2026 yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi har chorakda yirik davlat korxonalari xaridlari bo‘yicha ochiq muhokamalar o‘tkazadi.

Teglar

Mavzuga oid