
Davlat yerini 1,1 mlrd so‘mga sotish rejasi 300 millionda tugadi
05.07.2025 | 09:0017293
Surxondaryo viloyatida kadastr xodimi boshqa shaxs bilan til biriktirib, davlat zaxirasidagi yerni noqonuniy ravishda sotishga uringani uchun ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida kadastrlar palatasi muhandisi fuqaro bilan til biriktirib, davlat yer maydonini noqonuniy ravishda sotishga uringan paytda ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Denov tumani bo‘limi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro M.N. va kadastrlar palatasi Oltinsoy tuman bo‘limi muhandisi A.N. fuqaro A.Y.ning ishonchiga kirib, unga Oltinsoy tumanidagi 65 sotixlik davlat yer maydonini 1,1 milliard so‘mga sotishga kelishgan. Shuning 300 million so‘mlik qismini olgan vaqtda ular ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi holat Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida ham qayd etildi. Bu yerda «Sh-B.» fermer xo‘jaligi ishchisi Sh.Yu. fuqaro F.B.ning ishonchiga kirib, unga ushbu fermer xo‘jaligiga qarashli 26 sotix hamda tutash hududdagi suv yetkazib berish xizmatiga qarashli muhofaza zonasidagi 14 sotix yer maydonini 60 000 AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 35 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddalari (pora berish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.





