
Davosdagi isyon alami: Tramp Kanadaga tahdid qildi
AQSH prezidenti Kanadani Xitoy tovarlari uchun «aylanma yo‘l» bo‘lishda ayblab, rekord darajadagi bojlar bilan tahdid qildi.
© Фото: aljazeera.com Oq uyning keskin ogohlantirishi
AQSH Prezidenti Donald Tramp agar Ottava Pekin bilan iqtisodiy bitim imzolasa, Kanada tovarlariga yuz foizlik boj joriy etish bilan taxdid qildi. Davlat rahbari o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Bosh vazir Mark Karnini «gubernator» deb atab, uni Xitoy mahsulotlari uchun «tranzit porti» yaratishda aybladi.
«Agar Kanada Xitoy bilan kelishuv tuzsa, AQSHga kiradigan barcha Kanada tovarlari va mahsulotlariga zudlik bilan 100 foizlik boj solinadi», - deb yozdi Tramp o‘z postida.
Tramp Xitoy Kanadani «tiriklayin yutib yuborishi» haqida ogohlantirib, Amerika bozorini himoya qilish uchun qat’iy choralar ko‘rishini bildirdi.
Davosdagi tarixiy nutqqa raddiya
Trampning bojlar bilan bog‘liq tahdidi shu hafta Karni Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida so‘zlagan nutqidan so‘ng Kanada va AQSH o‘rtasidagi keskinlik kuchaygan paytga to‘g‘ri keldi. Ushbu nutq ko‘pchilik tomonidan Tramp ma’muriyati siyosatiga nisbatan raddiya sifatida qabul qilindi.
«Biz o‘tish davrida emas, balki tanaffus (uzilish) jarayonidamiz», - dedi Karni. U o‘z nutqida va dunyoning «o‘rta kuchlarini» tazyiq va tahdidlar qarshisida hamkorlikni chuqurlashtirishga chaqirdi.
Bosh vazirning bu so‘zlari Trampning g‘azabini qo‘zitib, u Davosda shunday javob qaytardi: «Kanada Qo‘shma Shtatlar tufayli yashab turibdi. Mark, keyingi safar bayonot berayotganingda shuni yodingda tut».
Xitoy-Kanada bitimi
O‘tgan hafta Kanada bosh vaziri Mark Karnining Xitoyga tashrifidan so‘ng Pekin bilan «yangi strategik sheriklik» e’lon qilingan edi.
Kanada va Xitoy o‘rtasidagi yangi kelishuvga ko‘ra, Ottava 49 ming dona Xitoy elektromobilini pasaytirilgan boj stavkalari asosida o‘z bozoriga kiritishi kerak. Buning evaziga Pekin Kanadaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, kanola moyi uchun to‘siqlarni kamaytiradi.
«Kanada-Xitoy munosabatlari eng yaxshi holatda bo‘lganida, har ikki xalqimiz uchun ulkan imkoniyatlar yaratgan», - dedi Karni kelishuv e’lon qilinganidan keyin bergan bayonotida.
Ottavaning Trampga rasmiy javobi
Kanadaning AQSH bilan savdo aloqalari bo‘yicha mas’ul vaziri Dominik Leblan Trampning ayblovlarini rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy bilan to‘liq erkin savdo bitimi imzolanishi rejalashtirilmagan. Vazir Pekin bilan faqat ayrim boj masalalari bo‘yicha texnik yechim topilganini tushuntirdi. Leblan Kanada hukumati o‘z iqtisodiyotini mustahkamlash va eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishda davom etishini ta’kidladi.
«Kanadaning yangi hukumati o‘z kuchimizni ichki bozorda mustahkamlash va butun dunyo bo‘ylab savdo sherikliklarimizni kengaytirish rejasi orqali kuchliroq Kanada iqtisodiyotini barpo etmoqda», - dedi Leblan.
Shu bilan birga, Bosh vazir Mark Karni Kanadaning mustaqil davlat ekanini va faqat Amerika hisobiga yashamasligini alohida qayd etdi. U Kvebekdagi chiqishida mamlakat o‘z qadriyatlari va milliy manfaatlaridan kelib chiqib ish tutishini aytdi. Ekspertlarning fikricha, Karnining bank sohasidagi tajribasi uni iqtisodiy xatarlarni kamaytirish uchun yangi bozorlar izlashga undamoqda.
«Bularning barchasi janob Karnining [Kanadaning] Qo‘shma Shtatlarga qaramligini kamaytirish maqsadining bir qismidir. U – bankir, shuning uchun har qanday diversifikatsiyalangan portfel ma’lum bir shoklarga nisbatan xavfimizni kamaytiradi. Bankir bunga shunday yondashgan bo‘lardi. [Karni] AQSHni xavfli savdo va xavfsizlik sherigi deb hisoblaydi. Donald Tramp Amerikaning eng yaqin ittifoqchilariga qarshi savdo urushi bilan tahdid qilayotganini hisobga olsak, bu yomon baho emas», - dedi Kanada-AQSH munosabatlari bo‘yicha mutaxassis Asa Makkercher Al Jazeera’ga bergan intervyusida.
Iqtisodiy oqibatlar va tahlil
AQSH Kanada eksportining to‘rtdan uch qismini qabul qiladigan eng yirik sherik hisoblanadi.
AQSH prezidenti 2025 yil yanvarida rasman lavozimiga kirishishidan oldin ham Kanada tovarlariga nisbatan yuqori bojlar joriy etish bilan tahdid qilib kelgan va bir necha bor Kanadani AQSHning «51-shtati»ga aylanishini istashini aytgan.
Bu ikki Shimoliy Amerika qo‘shnilari o‘rtasidagi aloqalarni tarixiy eng past darajaga tushirib yubordi va Karnini so‘nggi oylarda Xitoy, Yevropa Ittifoqi va Qatar kabi davlatlar bilan yangi iqtisodiy sheriklik izlashga undadi.





