Logo

Debyut: munosib o‘yin, tarixiy gol va mag‘lubiyat

Bugun 16:152 daqiqa

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi Jahon chempionatidagi debyutini o‘tkazdi. FIFA reytingida 13-o‘rinni egallab turgan, tarkibi 4 barobardan qimmatroq bo‘lgan Kolumbiyaga qarshi bahs oson o‘tmadi, ammo debyutant ko‘p epizodlarda o‘z tishini ko‘rsata oldi.

Mexikodagi tarixiy "Atsteka" stadionida o‘tgan o‘yinda birinchi bo‘limning dastlabki yarmi ancha ehtiyotkor tarzda kechdi. Ikkala jamoa ham asosan razvedka ishlari bilan shug‘ullandi. Ammo "Cooling break", ya’ni salqinlab olishga berilgan pauzadan so‘ng Lotin Amerikasi vakillari bosimni oshirishdi va O‘tkir Yusupov darvozasi oldida birin-ketin xavfli hujumlar tashkil etishdi. Dastlab omad keldi — Luis Diasning zarbasi ustunga tegib qaytdi. Lekin 40-daqiqaga kelib, klass o‘z so‘zini aytdi. Diasning ajoyib uzatmasidan so‘ng hujum markazida paydo bo‘lgan o‘ng qanot himoyachisi Daniel Munos chiroyli gol urdi va hisobni ochdi — 0:1. Shu tariqa O‘zbekiston birinchi bo‘limni zarbasiz yakunladi.

Chap qanotdan qoniqmagan Fabio Kannavaro ikkinchi bo‘limni qo‘shaloq o‘zgarish bilan boshladi. Sherzod Nasrullayev va Oston O‘rinovning o‘rniga Farrux Sayfiyev hamda Doston Hamdamov maydonga tushirildi. O‘zgarishlardan so‘ng asta-sekin xavfli hujumlar paydo bo‘la boshladi. Birinchi bo‘limda o‘ng qanotda o‘ynagan Abbos Fayzullayev ikkinchi bo‘limda o‘ziga qulayroq chap qanotda harakat qilib, raqib himoyasiga xavf sola boshladi. 60-daqiqaga kelib, O‘zbekiston tarixidan o‘rin olgan gol yuzaga keldi. Chap qanotdan uzatilgan to‘pni Eldor Shomurodov darvozaga yo‘lladi, ustun va darvozabonga tegib qaytgan to‘pni esa Fayzullayev ochiq darvozaga kiritib milliy jamoaning mundiallardagi ilk goli muallifiga aylandi — 1:1.

Ammo xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi. Hisobni tenglashtirganidan keyin ham ortga chekinmagan "oq bo‘rilar" 65-daqiqada markazda Eldor Shomurodovning to‘p yo‘qotishidan so‘ng qarshi hujumda jazolanishdi. Luis Dias birinchi bo‘limdagi assistdan so‘ng o‘z hisobiga gol ham yozdirib qo‘ydi — 1:2.

Shundan keyin jamoa qolgan daqiqalarda hisobni tenglashtirish uchun oldinga o‘tdi. Akmal Mozgovoyda yaxshi imkoniyat yuzaga keldi. Bir qancha standart vaziyatlar bo‘ldi, ammo ularning birortasidan maqsadli foydalanilmadi. Standartlar bo‘yicha ishlash — zamonaviy futbol talabi. Ayniqsa, o‘zidan kuchli jamoalarga qarshi gol urish qiyin paytda standartlarga tayanishga to‘g‘ri keladi. Shu jihat bo‘yicha kamchiliklar ko‘rindi.

Qo‘shib berilgan daqiqalarda Kolumbiya hujumga o‘tib ketgan O‘zbekistonni yana bir bor jazoladi — zahiradan tushgan Kampas boshi bilan gol urib, o‘yinga nuqta qo‘ydi — 1:3. Shundan so‘ng O‘zbekiston ikkinchi golini urishga yaqin keldi — mag‘lub jamoadagi eng yorqin futbolchilardan biri, 18 yoshli Behruz Karimov uzoq masofadan super zarba yo‘lladi, ammo to‘p to‘singa tegib qaytdi va hisob o‘zgarmay qoldi — Kannavaro jamoasi ikki to‘p farqidagi mag‘lubiyatni qabul qilib oldi.

Umuman olganda, O‘zbekiston debyutant sifatida munosib qarshilik ko‘rsatishni uddaladi, ilojsiz jamoadek ko‘rinmadi. Endi 2-turdagi raqib — alamzada Portugaliya. Ronaldu jamoasi 1-turda Kongo bilan durangdan so‘ng tanqidlar ostida qoldi. Shuning uchun O‘zbekistonga qarshi ishonchli g‘alaba uchun o‘ynashi aniq. "Yevropa Braziliyasi"ga qarshi bahs 23-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00da bo‘lib o‘tadi.

Teglar

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 103

Barchasi

Mavzuga oid

Debyut: munosib o‘yin, tarixiy gol va mag‘lubiyat | Vaqt.uz