
Dehqonobod kaliy zavodi to‘liq xususiylashtirildi, egasi Asian Chemical Group bo‘ldi
09.08.2025 | 09:0043673
Asian Chemical Group «O‘zkimyosanoat»dan Dehqonobod kaliy zavodining 100 foiz aksiyasini oldi, biroq kelishuv ommaviy e’lon qilinmadi.

Yagona korporativ ma’lumotlar portaliga ko‘ra, Dehqonobod kaliy zavodi to‘liq xususiylashtirildi. 8 avgust kuni aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishida zavodning 100 foiz aksiyasi Asian Chemical Group’ga o‘tkazilishi haqida qaror qabul qilindi. Ustav fondi 2,6 trln so‘m bo‘lgan korxona avval «O‘zkimyosanoat» davlat korxonasiga tegishli edi.
Asian Chemical Group 2024 yil noyabrida tashkil etilgan bo‘lib, ustav fondi 19,6 mln so‘mni tashkil etadi. Asosiy muassisi — OV Industrial Investments L.L.C-FZ (51%), ikkinchisi — New Industrial Technologies (49 foiz). Kompaniya azotli aralashmalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Rahbari sifatida Valiullin Ilgiz Azatovich ko‘rsatilgan.
OV Industrial Investments L.L.C-FZ ehtimolan BAAning erkin iqtisodiy zonalaridan birida ro‘yxatdan o‘tgan. Rossiyada ham shunga o‘xshash nomga ega va «VSMPO-Avisma» metallurgiya kompaniyasi bilan bog‘liq yuridik shaxs mavjud. New Industrial Technologies esa 2024 yil aprelida to‘lov xizmati operatorы Paynet’ni 100 foiz xususiylashtirgan.
Dehqonobod kaliy zavodi 2007 yil 1 maydagi prezident qarori asosida qurilgan. Loyiha qiymati 128,2 mln AQSH dollari bo‘lib, moliyalashtirish manbalari — O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (61,7 mln dollar), Xitoy Eksimbanki (41,7 mln dollar) va Kimyo sanoati korxonalarini rivojlantirish jamg‘armasi (24,8 mln dollar) kreditlaridan tashkil topgan.
2024 yil bahorida prezident Shavkat Mirziyoyev yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish choralarini ma’qullagan, zavodni 2024 yil IV choragida ommaviy savdoga chiqarish rejasi belgilangan edi.





