add

Dekabrda kapital bozorida obligatsiyalar faollikni saqlab qoldi

Bugun 19:382 daqiqa

2025 yil dekabr oyida O‘zbekiston kapital bozorida savdo faolligi asosan korporativ obligatsiyalar hisobiga ushlanib turdi, aksiyalar segmentida esa likvidlik muammosi saqlanib qoldi.

Dekabrda kapital bozorida obligatsiyalar faollikni saqlab qoldi

Dekabr oyida O‘zbekiston kapital bozorida savdo faolligi ayrim sessiyalarda jonlangani kuzatildi. Biroq bozor tuzilmasidagi asosiy manzara o‘zgarmadi. Aylanishning sezilarli qismi korporativ obligatsiyalar hissasiga to‘g‘ri kelar ekan, aksiyalar segmenti hanuz cheklangan likvidlik va past «bozor chuqurligi» sharoitida qolmoqda. Bozor chuqurligi - yetarli xaridor va sotuvchilar mavjud bo‘lib, yirik bitimlar narxga keskin ta’sir qilmasdan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan holat.

Dekabrda obligatsiyalar bozoridagi faollik ko‘proq yirik emissiyalar atrofida jamlandi. Xususan, 1-dekabr kuni O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi (O‘zIQMK) 5-dekabrda o‘tkaziladigan birlamchi joylashtirish shartlarini e’lon qildi. Emissiya hajmi 200 mlrd so‘m, kupon daromadi yillik 17,5 foiz, to‘lovlar har 3 oyda, so‘ndirish muddati 2030 yil dekabriga to‘g‘ri keladi. Bu holat bozorda likvidlik borligini ko‘rsatadi, ammo likvidlikning bir nechta instrumentlar doirasida jamlanayotgani bozor «kengligi» hali yetarli emasligidan dalolat beradi.

Aksiyalar bozorida esa dekabr oyida barqaror o‘sish tendensiyasi shakllanmadi, ayrim emitentlarda qisqa muddatli o‘sishlar kuzatilgan bo‘lsa, boshqa qator qimmatli qog‘ozlarda pasayish qayd etildi. Cheklangan talab sharoitida exit imkoniyati tor bo‘lgani uchun narx tebranishlari ham keskinroq ko‘rinadi.

Oy davomida ayrim emitentlarda minoritar aksiyadorlar ulushini majburiy qaytarib sotib olish (mandatory buyout) mexanizmi qo‘llanilgani haqidagi muhokamalar ham faollashdi. Bu qonuniy instrument bo‘lsa-da, investorlar uchun baholash metodologiyasi, mustaqil baholovchining roli va jarayon shaffofligi doimiy e’tibor markazida qoladi. Ayniqsa, minoritar aksiyador manfaatlari amalda qay darajada himoyalanayotgani bozor ishonchi nuqtai nazaridan hal qiluvchi omil hisoblanadi.

Umuman olganda, dekabr oyidagi ko‘rsatkichlar ayrim instrumentlar doirasida likvidlik borligini ko‘rsatdi. Biroq savdo faolligi ko‘proq obligatsiyalar hisobiga ushlanib turgani, aksiyalarda esa barqaror institutsional talab va bozor chuqurligi yetishmayotgani saqlanib qolmoqda. Aksiyalar segmenti chuqurlashmas ekan, kapital bozori real baholash, narx shakllanishi va investor ishonchi jihatidan to‘liq rivojlanish bosqichiga o‘ta olmaydi.

Teglar

null null

Гуласал БозороваMaqolalar soni: 9

Barchasi

Mavzuga oid