
«Dekret» pulini hisoblashda sug‘urta staji inobatga olinadi
Homiladorlik va tug‘ish nafaqalari endi ish stajiga mutanosib koeffitsiyentlar asosida hisoblanib, sug‘urta tizimiga bog‘landi.

O‘zbekistonda homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash hamda to‘lash tartibi yangilandi. Endi davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida ushbu nafaqa miqdori sug‘urtalangan shaxsning sug‘urta stajiga qarab hisoblanadi. Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 17-dekabrdagi 796-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida joriy etildi.
Yangi qoidalarga muvofiq, nafaqa miqdorini aniqlashda staj koeffitsiyentlari qo‘llaniladi. Xususan, sug‘urta staji:
— 10 oydan 24 oygacha bo‘lgan ayollarga o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi;
— 25 oydan 60 oygacha bo‘lganda 85 foizi;
— 61 oy va undan ortiq stajda esa 100 foizi miqdorida nafaqa hisoblanadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligining izoh berishicha, mazkur yangilik Mehnat kodeksi talablariga zid emas. Kodeksning 404-moddasida homiladorlik va tug‘ish ta’tili davri uchun kamida 75 foiz nafaqa to‘lanishi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, uni hisoblash tartibini belgilash Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiradi.
Agentlik ta’kidlashicha, davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi ijtimoiy yordam emas, balki sug‘urta badallari to‘lash natijasida shakllanadigan huquqiy mexanizm hisoblanadi. Shu bois nafaqa olish huquqi bevosita rasmiy mehnat faoliyati va sug‘urtada ishtirok etish bilan bog‘liq.
Avvalgi tartibda homiladorlik va tug‘ish nafaqalari asosan budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga ish beruvchi hisobidan to‘lanib kelgan. Bu esa sug‘urta badallari bilan nafaqa o‘rtasida mutanosiblikni ta’minlamagan hamda ayrim hollarda qisqa muddatli sun’iy mehnat shartnomalariga olib kelgan.
Yangi mexanizm barcha rasmiy ishlovchi fuqarolar uchun teng sharoit yaratishi, suiiste’mollarni kamaytirishi va tizimning moliyaviy barqarorligini ta’minlashi qayd etilmoqda. Shuningdek, rasmiy bandlikni rag‘batlantirish orqali ayollar uchun uzoq muddatli ijtimoiy kafolatlar mustahkamlanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xususiy sektordagi ayollarga ham «dekret» puli davlat tomonidan to‘lanishi haqida xabar bergan edik.





