
Dengizga chiqish uchun yana bir yo‘l: Shri-Lanka O‘zbekistonga o‘z portlarini taklif qildi
30.07.2025 | 20:0047293
O‘zbekiston va Shri-Lanka o‘rtasidagi savdo hamkorligi kengaymoqda. Kolombo shahrida O‘zbekistonning Shri-Lankadagi elchisi Alisher To‘xtayev va Shri-Lanka savdo vaziri Vasanta Samarasinghe o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

«Dunyo» axborot agentligining xabar berishicha, O‘zbekistonning Shri-Lankadagi elchisi Alisher To‘xtayev Kolombo shahrida ushbu mamlakat savdo, tijorat, oziq-ovqat xavfsizligi va kooperativ rivojlanish vaziri Vasanta Samarasinghe bilan uchrashdi. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni jadal rivojlantirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, yangi bozorlarga chiqish va istiqbolli hamkorlik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha fikr almashdi.
Vazir Samarasinghe O‘zbekistonni iqtisodiy diplomatiya sohasida ishonchli va istiqbolli hamkor sifatida baholab, ikki davlat rasmiylari va biznes doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan.
Ma’lum qilinishicha, 2024 yil yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi atigi 6 million dollarni tashkil etgan. Bu esa mavjud salohiyatga mos kelmasligi va ko‘rsatkichni oshirish uchun qo‘shma harakatlar zarurligini ko‘rsatadi.
Shri-Lanka tomoni barqaror qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, kooperatsiya va tajriba almashuv bo‘yicha o‘quv dasturlarini amalga oshirish hamda mutaxassislar tashrifini yo‘lga qo‘yish taklifini bildirgan.
Bundan tashqari, xorijiy tomon O‘zbekiston mahsulotlarini dunyo bozoriga chiqarishda o‘z portlaridan foydalanishni taklif etib, bu borada barcha qulayliklarni yaratib berishga tayyorligini bildirgan.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilash va amaliy «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish maqsadida mutasaddi idoralar o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazishga kelishib olingan.





