
«Dermatit»mi yoki «go‘balak»? — Samarqandda mollar o‘limiga sabab bo‘layotgan kasallik chorvadorlarni xavotirga solmoqda
12.08.2025 | 16:3025189
Samarqandlik bir qator chorvadorlar va veterinariya shifokori tasdiqlagan kasallikni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi matbuot kotibi Anvar Suyunov «asossiz» deb atadi. Xavotirlarni esa «chorva jalloblari va vetvrachlarning o‘yini», dedi.

Samarqand viloyatida chorva mollari orasida dermatit (teri kasalligi) tarqalayotgani va nobud bo‘lish holatlari ko‘paygani aytilmoqda. Bu haqda Vaqt.uz’ga samarqandlik bir qator chorvadorlar ma’lum qildi.
«Ikki oycha bo‘ldi, tumanimizda chorva mollari orasida avval boshda noma’lum hisoblangan va keyinchalik dermatit deya tashxislangan kasallik keng tarqalmoqda. Shu sabab chorva mollari orasida nobud bo‘lish holatlari ham ortmoqda. Shaxsan o‘zimning o‘g‘limni to‘yiga deya boqayotgan sigirimda ham shu teri kasalligi aniqlandi. Davo muolajalari foyda bermagach, harom o‘lmasin deb arzon summaga kolbasa sexiga go‘shtga topshirib keldim», – deydi samarqandlik Otabek ismli kishi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘zi bilgan yana bir necha yaqinlariga tegishli chorva mollarida ham teridan boshlanuvchi kasallik aniqlangan. Shu sabab, ko‘pchilik xavotirda. Ba’zilar kasallik yuqmasligi uchun issiq kunlarda ham chorvasini og‘ilda saqlamoqda.
Samarqandlik Marat ismli chorvador esa bo‘rdoqiga boqayotgan mollari orasida dermatit bilan ommaviy kasallanish holati kuzatilgani, ularni davolatishga katta summa sarflagani haqida gapirdi.
«Shu kasallikni yuqtirgan bitta chorvani davolash uchun 20 kuncha vaqt ketyapti, shuningdek, 2-3 mln so‘m xarajat qilishga majbur bo‘lyapmiz. Bu shundoq ham yem qimmat vaqtda bizga juda og‘ir. Men turli hududlardan chorva sotib olaman. O‘zim bilganim 5-6 ta qishloqda o‘nlab chorva shu kasallikdan nobud bo‘lganini bilaman. Mas’ullar bir yo‘lini topib, kasallikni to‘xtatishlari kerak», – dedi chorvador.
Vaqt.uz muxbiri holatga aniqlik kiritish maqsadida Jomboy tuman Veterinariya bo‘limi shifokorlaridan biri bilan bog‘landi. Ish faoliyatida muammo bo‘lmasligi uchun shaxsi sir qolish sharti bilan gapirgan veterinarga ko‘ra, viloyatdagi chorva mollari orasida dermatit tarqalayotgani rost.
«Ha, viloyatda chorva mollari orasida dermatit ko‘paygani rost. Bu — asosan hasharotlar: chivin va pashsha tashuvchisi bo‘ladigan, chorva hayvonlari terisini, keyinchalik butun organizmini zararlovchi xastalik bo‘lib, uni yuqtirgan mollarning ahvoli bir necha kun ichida keskin yomonlashadi va nobud bo‘ladi. Kassalikni yuqtirmaslik uchun chorva mollari emlanishi kerak. Ammo tug‘ishiga yaqin qolgan sigirlarni emlash mumkin bo‘lmasligi mumkin, veterinar bilan gaplashish, maslahatlashish kerak», – dedi shifokor.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ayni vaqtda viloyatdagi barcha Veterinariya bo‘limi shifokorlari dermatining keng tarqalib ketishini oldini olish maqsadida emlash tadbirlarini o‘tkazmoqda: «O‘zimiz ham hozir qishloqlarda emlash bilan bandmiz».
Tahririyat muxbiri holatga oydinlik kiritish, shuningdek, kassalikning ommaviy tarqalib ketishiga qarshi qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot olish uchun Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi Matbuot xizmati rahbari Anvar Suyunov bilan bog‘landi. Ammo Suyunov holatni assosiz hamda chorva jalloblari va «noinsof vetvrachlarining o‘yini», deb atadi.
«Ha, qo‘mitaga yaqinda Past Darg‘omdan shunday murojaat bo‘lgandi. Biz holatni jamoaviy borib o‘rgandik. O‘shanda holat tasdiqlangan edi. Lekin chorvaning qayerdan kelganini so‘raganimizda, u Qashqadaryodan keltirilgan mol bo‘lganini aytishgan. Lekin yana shunisi ham bor ediki, u yerdagi veterinariya shifokorlarini o‘zi ham ikkilanib turishgandi: bu dermatitmi, yo‘qmi?
Yana shuni aytishim kerakki, ha joylarda «dermatit ko‘paydi», degan gaplar bor, lekin bu aslida o‘zimizni «go‘balak» degan eski, yengil toshma kasallik. Bu yaqinda bo‘lgan issiqlarda boshlangandi. Shu yengil kasallikni esa ba’zi chorva jalloblari va ikki-uch vetvrach kelishib, chorvaning narxini tushirish maqsadida xavotirli dermatit, deya gap tarqatishmoqda. Vrach chorva egasiga «moling dermatit», deydi, mol jallob esa molni arzon garovga sotib oladi va «go‘balak»ni arzimagan dori bilan davolab, qimmatga sotadi. Shunday xavotirli gaplar tarqalishi Qashqadaryo viloyati Koson tumanida boshlangan edi, mana endi Samarqandga ham kirib keldi.
Bunday xavotirlardan mol jalloblari katta foyda ko‘radi, yaxshi-yaxshi mollarni arzimagan pulga sotib olib, 15-20 kun soya salqinda yem berib qarayapti va bir necha barobar qimmatiga sotyapti. Xavotirli eshitilayotgan bu voqealarning tagida shu tizim bor», — dedi Anvar Suyunov.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning iyul oylarida Xorazm viloyatida ham chorva mollari orasida dermatit kasalligi tarqalgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Shunday xabarlardan birida aytilishcha, «viloyatda kasallik qariyb har bir xonadonga yetib borgan, sog‘lom mol qolmagan».
Ilyos Safarov tayyorladi.





