Logo

Dollar 2026-yildagi eng past darajaga tushdi

Bugun 17:282 daqiqa

So‘mga nisbatan dollar kursi 7 oylik eng past ko‘rsatkichni ko‘rsatmoqda.

Dollar 2026-yildagi eng past darajaga tushdi © hl.co.uk

Markaziy bank tomonidan O‘zbekistonda 3-iyul kuni amal qiladigan AQSH dollarining rasmiy kursi 11 909,66 so‘m etib belgilandi.

Dollarning bu kursi 2025-yilning 3-dekabr sanasidan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Iyun oyida so‘mga nisbatan mustahkamlangan dollar kursi iyul oyida hozircha faqat qadrsizlanmoqda. 3 kun ichida dollar 151 so‘mga arzonladi.

Ertanggi rasmiy kurs 30 so‘m atrofida pasayadigan bo‘lsa, bu dollarning 2023-yil avgustidan beri eng past qiymatiga aylanadi.

Umuman olganda, dollar yil boshidan beri 12 004,41 so‘mlik darajadan qariyb 100 so‘mga yoki 0,9 foizga qadrsizlandi.

May oyida dollar kursi so‘mga nisbatan 0,5 foizga mustahkamlangan edi. Aprel oyida esa deyarli 2 foizlik qadrsizlanish kuzatilgan.

Dollar kursi O‘zbekistonda qanday shakllanadi?

O‘zbekistonda dollar kursi Respublika valuta birjasidagi savdolar asosida shakllanadi. Bu yerda banklar xorijiy valutani sotib oladi va sotadi, kurs esa talab va taklif muvozanatiga qarab belgilanadi.

Import to‘lovlari ortsa xarid kuchayib, kurs ko‘tarilishi mumkin, eksport tushumlari va valuta taklifi oshsa esa aksincha bosim kamayadi.

Savdolar yakunlariga ko‘ra Markaziy bank rasmiy dollar kursini e’lon qiladi. Banklardagi sotib olish va sotish kurslari esa xizmat xarajatlari hamda valuta xatarlari hisobiga rasmiy kursdan farq qiladi.

So‘m nega dollarga nisbatan kuchli bo‘lib qolmoqda?

Bu O‘zbekistonning iqtisodiy holati, eksport tushumlari va birjadagi talab-taklif omiliga bog‘liq.

2026-yil I chorakda mamlakat iqtisodiyoti 8,7 foizlik o‘sishni qayd etdi. Xorijiy pul o‘tkazmalari esa 13 foizga o‘sishda davom etdi.

Yanvar—may oylarida jismoniy shaxslarning chet el valutasiga bo‘lgan taklifi talabdan deyarli ikki barobar yuqori bo‘ldi.

5 oyda aholi banklarga 10,2 mlrd dollarlik xorijiy valuta sotgan bo‘lsa, ularning banklardan sotib olgan valuta miqdori 5,5 mlrd dollarni tashkil qildi.

Bundan tashqari, geosiyosiy keskinliklar, global notinchlik va xavotirli iqtisodiy vaziyat fonida dollarning global mavqei avvalgidek emas. Bu ham so‘nggi yillarda so‘mning dollarga nisbatan bardoshli bo‘lishiga hissa qo‘shmoqda.

Teglar

Mavzuga oid