
Dollar hukmronligi tugasa, jahon iqtisodiyoti qanday ko‘rinishga ega bo‘ladi?
14.07.2025 | 12:1542638
bugungi tartibsiz global moliyaviy vaziyatda dunyo yetakchilari o‘z iqtisodiyotlari uchun «eng yaxshi natija» ga erishishdan ko‘ra, xavflarni qanday boshqarishni o‘rganishga majbur. Chunki prezident Trampning o‘zgaruvchan siyosati, bojlarning keskinligi va dollar kursining beqarorligi sharoitida «eng yaxshi natija» degan tushuncha mavjud emas.

Ayniqsa, 2024 yilning aprelidan boshlab AQSH dollari odatdagidek ishonchli asos emas, balki rivojlanayotgan mamlakatlar valyutasi kabi o‘zgaruvchan harakat qilmoqda. Xalqaro investorlar orasida dollarni saqlashdan voz kechish istagi kuchaymoqda. Bu esa muhim savolni tug‘diradi: agar dollarning global hukmronligi tugasa, keyin nima bo‘ladi?
Bu savol kelajakdagi iqtisodiy tartib va moliyaviy barqarorlik uchun juda muhim.
Bugun ko‘plab mamlakatlarning markaziy banklari favqulodda holatlarda AQSH dollariga muhtoj. Agar dollar o‘zining zaxira valyutasi maqomini yo‘qotsa, davlatlar va investorlar undan foydalanishni to‘xtatadi. Buni yuzaga keltiradigan mexanizmlar esa tobora yaqqol bo‘lib bormoqda.
Mashhur iqtisodchi Kennet Rogoff bu haqda shunday deydi:
«Biz hozir jahon moliya tizimida Nikson davridagi oltin standartining bekor qilinishidan keyingi eng yirik burilish nuqtasida turibmiz. Yaqin yillarda dollar o‘z mavqeining bir qismini yuan (Xitoy valyutasi) va yevroga boy berishi mumkin. Hozirning o‘zida kriptovalyutalar yashirin iqtisodiyotda dollar o‘rnini egallamoqda».Bu jarayon, Rogoffning aytishicha, Trampdan oldin boshlangan, ammo Tramp uni jadallashtirib yuborgan. Kelajakda yagona global valyuta hukmron bo‘lmasligi mumkin. Buning o‘rniga yevro, yuan, kriptovalyutalar va hatto oltin o‘rtasida kuchli raqobat paydo bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa global valyuta bozorida «ko‘p qutbli» kurashga olib keladi. Iqtisodchi Denni Leyptsiger ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi. U shuni ta’kidlaydiki, hozircha markaziy banklar turli valyutalarni zaxirada saqlayotgan bo‘lsa-da, hanuz AQSH Federal zaxira tizimi foiz stavkalari va AQSH obligatsiyalari bozoriga bog‘liq holda harakat qilmoqda.





