Dollar kelgusi yillarda qanday bo‘ladi?
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026-yilda o‘rtacha dollar kursi pasayib, keyin yana ko‘tarilishi kutilmoqda.
© BloombergO‘zbekistonda so‘mning AQSH dollariga nisbatan o‘rtacha kursi yaqin yillarda yana ko‘tarilishi kutilmoqda. Bu haqda Fiskal strategiyaga tayanib qilingan Vaqt.uz hisob-kitoblaridan ma’lum bo‘ldi.
Strategiyada O‘zbekistonning 2029 yilgacha bo‘lgan asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi keltirilgan. O‘rtacha dollar kursini hisoblash uchun YAIM hajmi, aholi jon boshiga YAIM va aholi soni kerak bo‘ladi.
Mamlakat aholisi haqidagi prognozlar hukumatning aholi2050.uz saytidagi ma’lumotlardan olindi.

Hisob-kitob uchun quyidagi formuladan foydalanildi:
O‘rtacha dollar kursi = Nominal YAIM (so‘m) ÷ (Aholi soni × Aholi jon boshiga YAIM (AQSH dollari))
Bunda YAIM so‘mda, aholi jon boshiga YAIM esa AQSH dollarida berilgani sababli, ularning o‘zaro nisbatidan hukumat prognozlarida nazarda tutilgan o‘rtacha almashuv kursi aniqlandi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha dollar kursi 2026-yilda 12,16 ming so‘m, 2027-yilda 12,29 ming so‘m, 2028-yilda 12,61 ming so‘m va 2029-yilda 12,8 ming so‘m atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
O‘rtacha kurs bu yil davomidagi dollarning so‘mga nisbatan o‘rtacha ko‘rsatkichini bildiradi. Yil davomida kurs tebranishi farqli bo‘lishi mumkin.
Masalan, 2025-yil davomida dollar kursi 11 880–13 003 so‘m oralig‘ida shakllandi. Biroq o‘rtacha kurs 12 581 so‘mni tashkil qildi.
Prognozlar qanchalik ishonchli?
Shu bilan birga, bunday prognozlar har doim ham amalda to‘liq o‘zini oqlamaydi. Dollar kursi shakllanishiga ichki va tashqi iqtisodiy jarayonlardagi ko‘plab omillar o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Masalan, S&P Global Ratings 2025-yil yakunida dollar kursi 13 566 so‘m bo‘lishini prognoz qilgandi. Biroq amalda yil oxiridagi kurs bu ko‘rsatkichdan sezilarli past shakllandi — 12 025 so‘m.
Bu esa makroiqtisodiy prognozlarga ehtiyotkorlik bilan yondashish zarurligini ko‘rsatadi. Prognozlar iqtisodiyot rivojlanishining bazaviy ssenariysiga asoslanadi, biroq yil davomida yuz beradigan iqtisodiy va geosiyosiy o‘zgarishlar yakuniy natijani sezilarli darajada o‘zgartirishi mumkin.





