
Dollar so‘mga nisbatan 5 oylik minimumga tushdi
20.05.2025 | 09:005423
Bir hafta ichida avval AQSH valyutasi 100 so‘mga qimmatlashdi, keyin esa 122 so‘mga arzonlashdi.

O‘zbekistonda AQSH dollari kursining so‘ngi haftadagi harakati noodatiy volatillik bilan ajralib turdi. 13–15 may kunlari rasmiy kurs uzluksiz oshib borib, 99,81 so‘mga qimmatlashdi va 12 980 so‘mga yetdi. Biroq 16–20 may orasidagi uchta savdo kunida kurs 122,01 so‘mga pasayib, 12 858,15 so‘mga tushdi. Bu — so‘nggi 5 oydagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Markaziy bankning 19 maydagi ma’lumotiga ko‘ra, rasmiy kurs 58,95 so‘mga arzonlashgan. Banklar esa ushbu kuni dollarni 12 920–12 980 so‘mdan sotdi, 12 795–12 910 so‘m diapazonida xarid qildi.
Ekspertlarga ko‘ra, valyuta bozoridagi bu kabi keskin o‘zgarishlar ichki valyuta talab va taklifi muvozanati, eksport-import operatsiyalari, pul o‘tkazmalari va tashqi qarzlar oqimi bilan bog‘liq. Ayniqsa, import hajmining pasayishi, gaz va avtomobillar kabi tovarlar importining kamayishi valyutaga bo‘lgan talabni kamaytirayotgani ta’kidlanmoqda.
Shuningdek, Markaziy bankning qat’iy pul-kredit siyosati ham valyuta kursining keskin o‘zgarishlarini yumshatishga qaratilgan. Biroq global omillar, jumladan, AQSHdagi reyting tushishi va dollarning xalqaro bozorda pastlashi O‘zbekiston valyutasiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.





