
Donald Tramp: «Isroil va Eron to‘liq otashkesim to‘g‘risida kelishib oldi»
24.06.2025 | 11:2140844
AQSH prezidenti Donald Tramp 12 kunlik Isroil–Eron urushi yakunlanganini e’lon qildi. Uning aytishicha, taraflar «to‘liq va barqaror otashkesim» haqida kelishuvga erishgan. Bu AQSH orqali olib borilgan diplomatik muzokaralar natijasi bo‘ldi.

Tramp o‘zining Truth Social sahifasida ma’lum qilishicha, kelishuvga ko‘ra, birinchi bo‘lib Eron jangovar harakatlarni to‘xtatadi, 12 soatdan so‘ng esa Isroil ham o‘t ochishni bas qiladi.
«24 soat ichida jahon jamoatchiligi rasman 12 kunlik urushning yakunlanganini qarshi oladi», — deb yozdi u. Tramp, shuningdek, taraflarni «aql va jasorat bilan» urushni tugatishga qaror qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
«Xudo Isroilni asrasin, Xudo Eronni asrasin, Xudo Yaqin Sharqni asrasin va butun insoniyatga tinchlik nasib etsin», — deya o‘z bayonotini yakunlagan Tramp.
Unga ko‘ra, har ikki davlat bir vaqtning o‘zida AQSHga murojaat qilib, tinchlik haqida so‘rov bildirgan. Keyingi izohlarida Tramp bu kelishuvni «abadiy otashkesim» deb atadi.
NBC News xabariga ko‘ra, bu qarorga kelishdan avval Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan, vitse-prezident Jey Di Vens, davlat kotibi Marko Rubio va maxsus vakil Stiv Uitkoff esa Eron tomoni bilan alohida muzokaralar o‘tkazgan. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning devonxonasi ham Isroil Trampning Eronda o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi taklifiga rozi bo‘lganini bildirdi.
Biroq, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy hozircha Isroil bilan harbiy harakatlarni to‘xtatish borasida kelishuv yo‘qligini aytib o‘tgan. Aroqchiyning so‘zlariga ko‘ra, «Agar isroil «noqonuniy tajovuz»ini Tehron vaqti bilan soat 4:00 gacha to‘xtatmasa, Eron javob harakatlarinini davom ettiraveradi. Otashkesim rejimi ishga tushgunga qadar Eron Isroil tomon 5 ta raketa uchirishga ham ulgurgan.
Eslatib o‘tamiz, 13 iyun kuni Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlab, yadroviy olimlar va yuqori darajali harbiylarni nishonga olgandi. 22 iyunga kelib, AQSH ham urushga qo‘shilib, Eron yadroviy ob’ektlariga hujum qilgan.
Javob zarbasi sifatida Eron Qatardagi AQSH bazasi va Isroil hududini raketalar bilan nishonga oldi.





