
Donald Tramp: «Putin o‘t bilan o‘ynashayapti»
28.05.2025 | 07:5937275
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya armiyasi tomonidan Ukraina shaharlariga amalga oshirilgan keng ko‘lamli raketali hujumlardan so‘ng Vladimir Putinni yana bir bor og‘ir oqibatlar bilan ogohlantirdi.

Truth Social tarmog‘idagi chiqishida u Rossiya rahbarini «o‘t bilan o‘ynashayapti» deb atadi va Moskva uchun jiddiy oqibatlar bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
Tramp o‘z bayonotida: «Putin tushuna olmayotgan narsa shundaki, agar men bo‘lmaganimda, Rossiya allaqachon juda jiddiy muammolarga duch kelgan bo‘lardi. Men haqiqiy falokatlarni nazarda tutyapman. U o‘t bilan o‘ynashayapti!», — deb yozdi. U bundan oldin ham Putinni tinch aholiga qarshi zo‘ravonlik qilayotganlikda ayblab, uning harakatlarini «aqldan ozish» deb baholagandi.
AQSH prezidentining fikricha, Putin faqat Ukraina hududining bir qismiga emas, balki butun mamlakatga ega chiqishni istaydi. «Agar u shu yo‘ldan borsa, bu Rossiyaning halokatiga olib keladi», — degan edi Tramp avvalgi bayonotida.
The Wall Street Journal manbalariga ko‘ra, Tramp Ukrainadagi muzokaralar jarayoni to‘xtagani va Rossiyaning yangi hujumlari sababli Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini joriy haftaning o‘zida e’lon qilish imkonini ko‘rib chiqmoqda.
Shu bilan birga, senator-respublikachilardan Lindsi Grehem ham Moskvaga bosimni kuchaytirish uchun yangi tashabbus bilan chiqdi. U Rossiya energiya resurslarini sotib olishda davom etayotgan davlatlarga 500 foizlik bojlar joriy etishni taklif qildi. Grehemning ta’kidlashicha, agar Xitoy va Hindiston arzon neft xaridini to‘xtatsa, «Putinning urush mashinkasi» to‘xtab qoladi. Mazkur qonun loyihasi allaqachon 100 senatordan 82 nafari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
25 may kuni Rossiya armiyasi Ukraina infratuzilmasiga 300 ta dron va 70 ga yaqin turli turdagi raketalar bilan keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Ukraina rasmiylarining ma’lum qilishicha, hujumlar natijasida 13 nafar tinch fuqaro halok bo‘ldi. Ertasiga, 26 may kuni esa Rossiya hujum miqyosi bo‘yicha yangi rekordni o‘rnatdi — Ukraina hududiga 355 dron va 9 raketa yo‘llangan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mazkur vaziyat ortidan AQSH va G‘arb ittifoqchilarini Moskvaga nisbatan yanada qattiq sanksiyalar joriy etishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya urushni ataylab cho‘zmoqda va har kuni tinch aholi o‘ldirilishda davom etmoqda.
 





