Dorilarni retseptsiz sotganlik uchun jazo kuchaytirildi
Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar saqlovchi dorilarni sotish tartibini buzganlik uchun jarima va jinoiy javobgarlik miqdori oshirildi.

O‘zbekistonda dorilarni retsept bo‘yicha chakana sotish tartibini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Bu haqda 2026 yil 6-martda qabul qilingan ORQ–1120-sonli qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarda belgilandi.
Jarima miqdori qanchaga oshdi?
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana sotish tartibini buzganlik uchun jarima miqdori oshirildi. Endi bunday huquqbuzarlik uchun BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Amaldagi tartibda esa mazkur huquqbuzarlik uchun BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima belgilangan edi. Yangi o‘zgartishlar orqali jarimaning eng kam va eng yuqori miqdori ikki barobarga yaqin oshirildi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga ham tegishli o‘zgartishlar kiritildi. Unga ko‘ra, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana sotish tartibini buzish holati ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takror sodir etilsa yoki ko‘p miqdorda amalga oshirilsa, jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Bunday holatlarda BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha jarima solish, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari tayinlash, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari qo‘llanishi mumkin.
Qonun bilan boshqa sohalarga ham o‘zgartishlar kiritildi. Jumladan, Yer kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasining ijarachisi ayrim yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishi mumkin.
Shu bilan birga, «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, «Vatandosh» kartasi amal qilish davrida uning egasi oila a’zolari viza muddatini ko‘p martalik vizaga uzaytirganda davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.





