«Do‘stimni qutqarib qoldim»: Japarov Qamchibek Tashiyevning ishdan olinishiga izoh berdi

Bugun 16:312 daqiqa

Prezident yaqin do‘stiga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntirgan.

«Do‘stimni qutqarib qoldim»: Japarov Qamchibek Tashiyevning ishdan olinishiga izoh berdi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevning shov-shuvli iste’fosi bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirdi.

Davlat rahbari Konstitutsiyada belgilangan majburiyatlarni aniq bajarayotganini ta’kidladi. Japarovning so‘zlariga ko‘ra, «davlat va xalq manfaatlari do‘stlik va mansabdan ustun turadi».

Parlamentdagi bo‘linish

«Hammasi parlamentdan boshlandi. Ayrim deputatlar hamkasblaridan kimning tarafida ekanini so‘ray boshlashgan. Bir taraf general tomon, ya’ni ular yelkalaridagi pogonlarga ishora qilishgan, ikkinchi taraf esa prezident tomon bo‘lgan. Shundan so‘ng jarayonga «ko‘cha oqsoqollari» qo‘shildi. Ular yuqori rahbariyat bilan kelishilganini aytib, muddatidan oldin saylov o‘tkazish uchun imzo yig‘ishdi. Keyinchalik Jo‘qorg‘u Kengesh go‘yoki muddatidan oldin saylov o‘tkazmoqchi ekani haqida gaplar tarqaldi. Agar qat’iy choralar ko‘rilmaganida, xalq ikkiga bo‘linib ketishi mumkin edi. Menda deputatlar va davlat xizmatchilari generalning nomi bilan qo‘rqitilgani haqida dalillar bor», — dedi davlat rahbari.

Prezident Tashiyevni ishdan bo‘shatishdan oldin unga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntirganini bildirdi.

«Qaror qabul qilishdan avval unga qo‘ng‘iroq qildim va lavozimidan olayotganimni tushuntirdim. Menimcha, shu tezkor qarorim bilan do‘stimni qutqarib qoldim. Chunki atrofidagilar uni noto‘g‘ri yo‘lga boshlagan edi», — dedi prezident.

MXDQdagi «tozalash» va yangi tayinlovlar

Qamchibek Tashiyev 10-fevral kuni vazifasidan ozod etildi. Shuningdek, uning uch nafar o‘rinbosari — Kurvanbek Avazov, Daniyel Risaliyev va Elizar Smanov ham ishdan olindi. Maksus xizmat raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Jumgalbek Shabdanbekov tayinlandi.

«75 kishining maktubi» va tartibsizliklarga urinish

Avvalroq Ichki ishlar vazirligi ommaviy tartibsizliklar tashkil etishda gumonlab Bekbolot Talgarbekov, Kurmanbek Diykanbayev, Emil Uzakbayev, Kursan Asanov va Aali Karashevni qo‘lga olgan edi. Ular «75 kishining maktubi» deb atalgan hujjatga imzo chekkan shaxslar hisoblanadi.

Huquq-tartibot idoralarining ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar fuqarolar guruhini shakllantirish, muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish haqida murojaat tayyorlash va aholi orasida yolg‘on ma’lumotlar tarqatishga uringan.

Teglar

Mavzuga oid