add

Dunyoda oltin narxi tarixiy rekord yangiladi

29.01.2026 | 10:172 daqiqa

Bir kun ichida oltin narxi 3,2 foizgacha qimmatlashib, bir unsiyasi 5 584,3 dollardan oshdi.

Dunyoda oltin narxi tarixiy rekord yangiladi

Oltin narxi bir troya unsiyasi uchun 5,5 ming dollardan oshib, moliya bozorlari tarixida yangi rekordni qayd etdi. Qimmatbaho metall ketma-ket to‘qqiz kun davomida eng yuqori qiymatlarda savdo qilinmoqda.

Bunday keskin o‘sish, avvalo, AQSH dollarining qadrsizlanishi bilan izohlanmoqda. Shu bilan birga, obligatsiyalar va asosiy valutalar xavfli aktiv sifatida baholanib, investorlar o‘z mablag‘larini oltin kabi an’anaviy xavfsiz vositalarga yo‘naltirmoqda. Bir kun ichida oltin narxi 3,2 foizgacha ko‘tarildi. COMEX birjasida bir unsiyasi 5 584,3 dollargacha yetdi.

Solishtirish uchun, 28-yanvar kuni oltin 5 200 dollardan oshib, avvalgi rekordni yangilagan edi. Undan ham oldin, 12-yanvar kuni qimmatbaho metall bir unsiya uchun 4 600 dollar atrofida baholangan. Qisqa vaqt ichida bunday tezkor o‘sish bozordagi beqarorlik darajasi yuqori ekanini ko‘rsatadi.

2026 yil boshidan beri spot oltin qariyb 28 foizga qimmatlashdi. Shu davrda kumush narxi esa deyarli 65 foizga oshdi. Global iqtisodiy beqarorlik, savdo urushlari xavfi va geosiyosiy noaniqliklar investorlarni xavfsiz aktivlarga bo‘lgan talabni kuchaytirishga majbur qilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, inflatsiyaning yuqori darajada saqlanib qolishi, AQSH dollarining zaiflashuvi, markaziy banklar tomonidan oltin zaxiralarining faol oshirilishi hamda AQSH Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini pasaytirishi mumkinligi haqidagi kutilmalar narxlarning o‘sishiga asosiy turtki bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kecha O‘zbekistonda oltin narxlari ketma-ket rekordlar yangilab, so‘nggi bir yil ichida keskin o‘sishni namoyon qilgan edi. 2026 yil 28-yanvar holatiga ko‘ra, 1 gramm oltin quymasining sotish narxi 2 million 58 ming so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich mamlakat tarixida eng yuqori darajalardan biri hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid