add

Dunyodagi eng yirik aysberg parchalanmoqda

03.09.2025 | 15:007803

Antarktidadagi A23a aysbergi qariyb 40 yil suzib yurganidan so‘ng iliq suvlarda parchalanishni boshladi.

Dunyodagi eng yirik aysberg parchalanmoqda
The Guardian xabariga ko‘ra, aysberg yaqin haftalarda butunlay yo‘qolishi mumkin. U avval «megaaysberg» sifatida tanilgan bo‘lib, og‘irligi bir trln tonna atrofida edi. Hozirda esa uning maydoni yarmidan kamayib, 1 770 km kvadratni tashkil etmoqda. Yevropa Ittifoqining Kopernik dasturi suratlarida uning yuzasi 60 km kenglikda ekani ko‘rsatilgan. So‘nggi haftalarda aysbergdan 400 km kvadratlik ulkan bo‘laklar ajralib chiqqan. Britaniya Antarktika tadqiqot markazi okeanografi Endryu Meyjers ma’lumoticha, aysberg shimolga siljishi bilan jadal sur’atda parchalanmoqda. A23a ilk bor 1986 yilda Antarktida shelfidan ajralgan, ammo Ueddell dengizi tubida 30 yildan ortiq qotib qolgan. Faqat 2020 yildan keyin suzib keta boshlagan va kuchli okean oqimlari orqali Janubiy Atlantikadagi “aysberg yo‘lagi”dan o‘tgan. 2025 yil boshida aysberg Janubiy Jorjiya oroli yaqinida to‘xtab qolib, pingvin va tyulen koloniyalari uchun xavf tug‘dirgan. Keyin may oyida u yana harakatga kelib, bir kunda 20 km gacha masofani bosib o‘tgan holda shimolga yo‘nalgan. Olimlar aysbergning parchalanishini iliq suvlar va kuchli to‘lqinlar ta’siri bilan izohlamoqda. Ularga ko‘ra, A23a shuncha vaqt yaxlit holda saqlanib qolishi hayratlanarli hol. Shu bilan birga, aysberglarning erish sur’ati inson faoliyati sabab bo‘layotgan global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid