Logo

Dunyodagi eng yuqori va eng past inflatsiya qaysi davlatlarda kuzatilishi ma’lum qilindi

Bugun 12:552 daqiqa

XVJ prognozlariga ko‘ra, 2026 yilda Venesuela dunyodagi eng yuqori inflatsiyaga ega mamlakat bo‘lib qoladi, Kosta-Rikada esa deflyatsiya kuzatilishi kutilmoqda.

Dunyodagi eng yuqori va eng past inflatsiya qaysi davlatlarda kuzatilishi ma’lum qilindi © Magnific. com

Xalqaro valuta jamg‘armasining (XVJ) e’lon qilgan World Economic Outlook hisobotiga ko‘ra, Venesuela dunyodagi eng yuqori inflatsiyaga ega mamlakat bo‘lib, yillik o‘rtacha inflatsiya 387,4 foizga yetishi mumkin. Bu ko‘rsatkich mamlakatni dunyodagi eng yuqori inflatsiya qayd etilayotgan davlat sifatida saqlab qolmoqda.

Mutaxassislar yuqori inflatsiyaning asosiy sabablari sifatida mamlakatda yillar davomida saqlanib kelayotgan siyosiy beqarorlik, iqtisodiy boshqaruv muammolari va aholining ommaviy emigratsiyasini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 2014 yilda jahon neft narxlarining keskin tushib ketishi ham Venesuela iqtisodiyotiga og‘ir ta’sir ko‘rsatgan.

Neft eksport qiluvchi davlatlar orasida yuqori inflatsiya faqat Venesuela bilan cheklanmaydi. XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, Eronda inflatsiya darajasi 68,9 foiz, Nigeriyada 16 foiz, Liviyada esa 10,5 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Inflatsiyasi eng past davlatlar

Reytingning ikkinchi qismida Karib havzasi mamlakatlari joylashgan. Aruba, Beliz, Grenada, Panama, Sent-Vinsent va Grenadin orollari hamda Bagama orollarida inflatsiya darajasi taxminan 1 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Kosta-Rika esa 2026 yilda narxlar o‘rtacha 0,4 foizga pasayishi kutilgan yagona mamlakat sifatida ajralib turibdi. Iqtisodchilarning ta’kidlashicha, deflyatsiya qisqa muddatda iste’molchilar uchun ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ammo uzoq davrda iqtisodiy faollikning susayishiga olib kelishi ehtimoli bor.

Argentina tajribasi

Argentina ham yuqori inflatsiyani jilovlash bo‘yicha islohotlarni davom ettirmoqda. Prezident Xaver Miley hukumati davlat xarajatlarini qisqartirish va subsidiyalarni kamaytirish orqali inflatsiyani pasaytirishga erishgan bo‘lsa-da, mamlakatda 2026 yil uchun inflatsiya 30,4 foiz darajasida prognoz qilingan.

XVJ hisob-kitoblariga ko‘ra, jahon iqtisodiyoti 2026 yilda o‘sishni davom ettiradi, biroq o‘sish sur’ati 3,1 foizgacha sekinlashadi. Tahlilchilar fikricha, Venesueladagi qariyb 400 foizlik inflatsiya va Kosta-Rikadagi deflyatsiya o‘rtasidagi katta tafovut mamlakatlar iqtisodiy rivojlanishidagi farqlarni yaqqol namoyon etmoqda.

Avvalroq 2031-yilga kelib dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari reytingi o‘zgarishi va yuqori pog‘onalarda eng katta siljishni Hindiston amalga oshirishi prognozini ma’lum qilgan edik.

Teglar

Mavzuga oid