
Dunyodagi markaziy banklarning 60 foizi dollardan voz kechmoqchi
Yangi so‘rovnomaga ko‘ra, global zaxira tizimida ko‘pqutbli tuzilma shakllanmoqda va ko‘plab markaziy banklar dollarga qaramlikni kamaytirish uchun portfellarini diversifikatsiya qilmoqda.

Dunyodagi markaziy banklarning qariyb 60 foizi o‘z investitsiya portfellarini dollardan uzoqlashtirish orqali diversifikatsiya qilishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Official Monetary and Financial Institutions Forum o‘tkazgan so‘rovda qayd etilgan ushbu ma’lumotni finance.yahoo xabar qilmoqda. O‘tgan yillarda AQSH g‘aznachilik obligatsiyalarining yuqori likvidligi dollarning ustunligini saqlab turgan bo‘lsa-da, global zaxira tizimidagi o‘zgarishlar yangi jarayonlarga asos solmoqda.
So‘rovnomada Yevropa, Afrika, Lotin Amerikasi va Osiyoning 10 markaziy banki ishtirok etdi. Ular jami 6,5 trln dollarlik aktivlarni boshqaradi. O‘rganishga ko‘ra, sun’iy intellektni chuqur qo‘llayotgan markaziy banklar xavflarga nisbatan ancha ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Asosiy xavotir — sun’iy intellekt qarorlarining bozordagi kelajakdagi inqirozlarni tezlashtirishi mumkinligi. Ishtirokchilardan biri «Sun’iy intellekt ko‘proq ko‘rishga yordam beradi, lekin qaror baribir insonniki bo‘lishi kerak», degan.
So‘rovda qatnashganlarning 60 foizdan ortig‘i sun’iy intellekt hali markaziy operatsiyalarni to‘liq qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi. Hozircha SI asosan ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va bozor monitoringi kabi funksional vazifalarda ishlatilayotgani aytilgan. Shu bilan birga, respondentlarning 93 foizi hali ham raqamli aktivlarga investitsiya qilmayotganini ma’lum qildi. «Tokenlashtirish qiziqish uyg‘otmoqda, kriptovalyutalar esa ehtiyotkorlik bilan qabul qilinmoqda», deyiladi hisobotda.
Banklar dunyo iqtisodiy tizimini tez sur’atda ko‘pqutbli tartibga o‘tayotgani sifatida baholashmoqda. Bu esa bir tomondan diversifikatsiya istagini kuchaytirsa, ikkinchi tomondan likvidligi yuqori va xavfi past aktivlarga talabni saqlab qolmoqda. Shu bois, dollardan uzoqlashish istagi oshganiga qaramay, AQSH obligatsiyalarining betakror likvidligi valyutaning asosiy mavqeini hozircha mustahkamlab turibdi.
So‘rov qatnashchilaridan biri «Biz bipolyar emas, ko‘pqutbli zaxira tizimiga o‘tyapmiz, lekin yevro hali yetakchilikka tayyor emas», degan fikrni bildirgan.
Dollarning mavqeiga Tramp ma’muriyati siyosatlari ham ta’sir qilmoqda. So‘rovda AQSH prezidenti Donald Trampning bog‘lanmagan tarif qarori, FZT mustaqilligiga doir xavotirlar va tashqi siyosatdagi keskin o‘zgaruvchan pozitsiyalar global ishonchni pasaytirgani ta’kidlangan. Mamlakatlar dollarga bo‘lgan qaramlikni kamaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Jahon valyuta zaxiralarida dollar ulushi ilk bor 58 foizdan pastga tushdi. Mutaxassislarning fikricha, AQSH iqtisodiyotining kuchli tomoni — ishonch; valyutaga ishonch susaysa, dollarning global ustunligi ham xavf ostida qolishi mumkin.





