add

Dunyoning TOP-10 eng boy prezidentlari: hokimiyat va kapital kesishgan nuqta

Bugun 20:185783 daqiqa

Dunyoda davlat rahbarlarining rasmiy maoshlari o‘zaro katta farq qiladi. Ayrim mamlakatlarda prezident oyiga bir necha ming dollar oladi, boshqalarida esa bu ko‘rsatkich o‘n minglab dollarga yetadi.

Dunyoning TOP-10 eng boy prezidentlari: hokimiyat va kapital kesishgan nuqta

Rasmiy maoshlar davlat rahbarining real boyligini aks ettirmaydi. Ko‘plab prezidentlar hokimiyatga kelgunga qadar yirik biznes va kapitalga ega bo‘lgan, ayrimlari esa uzoq yillik hokimiyat, davlat resurslari va ta’sir doirasi orqali boyligini oshirgan. Quyida dunyodagi eng badavlat 10 nafar prezident reytingi taqdim etiladi.

Reytingning mutlaq yetakchisi — Rossiya prezidenti Vladimir Putin. Hermitage Capital Management'ning sobiq rahbari Bill Brauder AQSH Senatida qasamyod ostida bergan bayonotida uning boyligini kamida 200 milliard dollarga baholagan. Bu ko‘rsatkich uni dunyodagi eng boy shaxslar qatoriga kiritadi. Rossiya Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra esa, Putin 2011–2016 yillarda atigi 673 ming dollar rasmiy daromad olgan. Mustaqil manbalar uning aktivlari neft-gaz, bank tizimi va strategik kompaniyalar orqali yashirin boshqarilishini ta’kidlaydi.

Ikkinchi o‘rinda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko turadi. WikiLeaks hujjatlarida 2006 yildayoq uning boyligi 9 milliard dollarga baholangan. Lukashenko bu da’volarni rad etgan bo‘lsa-da, uning yashirin aktivlari haqidagi taxminlar yillar davomida saqlanib kelmoqda.

Uchinchi o‘rin AQSH prezidenti Donald Trampga tegishli. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi 2025 yilga kelib 7,2 milliard dollarga yetgan. Ko‘chmas mulk, media va so‘nggi yillarda kriptovalyuta biznesi Tramp kapitalining asosiy o‘sish manbalari hisoblanadi.

To‘rtinchi o‘rinda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In joy olgan. AQSH va Janubiy Koreya razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi 5 milliard dollar atrofida. Bu mablag‘lar Xitoy, Yevropa va boshqa davlatlardagi maxfiy bank hisoblarida saqlanishi aytilmoqda.

Beshinchi o‘rin Xitoy raisi Si Szinpinga tegishli. Rasman u yillik 22 ming dollar maosh oladi. Ammo 2012 yildagi jurnalistik tergovlar uning oilasi orqali yirik investitsiyalar va ko‘chmas mulk aktivlari mavjudligini ko‘rsatgan. Ayrim baholarga ko‘ra, umumiy boylik 1,5 milliard dollarga yetgan.

Oltinchi o‘rinda Ekvatorial Gvineya prezidenti Teodoro Obiang Ngema Mbasogo turadi. Forbes uning boyligini 600 million dollarga baholagan. Neft daromadlari asosiy manba hisoblanadi, oila a’zolariga tegishli lyuks aktivlar esa xalqaro korrupsiya tergovlarida tilga olingan.

Yettinchi o‘rinni bir nechta davlat rahbarlari bo‘lishadi. Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning boyligi taxminan 500 million dollarga baholanadi. Rasmiy maoshi nisbatan past bo‘lsa-da, mustaqil manbalar uning kapitali oilaviy fondlar va biznes tuzilmalar orqali shakllanganini ta’kidlaydi.

Ruanda prezidenti Pol Kagame ham 500 million dollar atrofidagi boylik bilan reytingdan joy olgan. Mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlari hokimiyat partiyasiga bog‘liq Crystal Ventures xoldingi orqali boshqarilishi haqida ma’lumotlar mavjud.

Shu qatorda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev ham taxminan 500 million dollar boylikka ega. Pandora Papers hujjatlarida Aliyevlar oilasining London va Dubaydagi qimmat ko‘chmas mulk aktivlari ochiqlangan, ayrim baholarga ko‘ra esa kapital 900 million dollargacha yetishi mumkin.

Reytingni Janubiy Afrika prezidenti Siril Ramafosa yakunlaydi. Uning boyligi 450 million dollarga baholanadi. Siyosatga kirishishidan oldin investitsiya sohasida yirik aktivlarga ega bo‘lgan Ramafosa rasmiy maoshining yarmini xayriyaga sarflayotgani bilan ham tanilgan.

Teglar

Mavzuga oid