
DXX raisi Kobulda «Tolibon» mudofaa vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi
22.07.2025 | 22:4017002
O‘zbekiston maxsus xizmatlari rahbariyati Afg‘oniston poytaxti Kobulda «Tolibon» hukumati vakili bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida ikki mamlakat xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

22 iyul kuni O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general-polkovnik Bahodir Qurbonov boshchiligidagi delegatsiya Kobul shahrida «Tolibon» hukumatida Milliy mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Mulla Muhammad Yoqub bilan muzokara o‘tkazdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuvda DXX raisi o‘rinbosari Farrux Muxtorov hamda chegara qo‘shinlari qo‘mondoni Salimjon Hasanov ham ishtirok etgan.
Tomonlar Afg‘onistondagi mavjud xavfsizlik vaziyati, iqtisodiy islohotlar hamda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilgan. O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistondagi barqarorlik va rivojlanish jarayonlarini ijobiy baholagan.
«Milliy mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro maydonlarda O‘zbekiston hukumatining ijobiy pozitsiyasini e’tirof etdi va ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi aloqalarning kengayib borayotganini qayd etdi. Uchrashuvda tomonlar chegara hamkorligi, o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish va boshqa tegishli masalalar yuzasidan fikr almashdi», — deyiladi rasmiy relizda.





