
Ekologik xavf toifalari uchtaga qisqartirildi
16.07.2025 | 17:0528963
O‘zbekistonda ekologik xavf toifalari 4 ta emas, balki xalqaro standartlarga mos ravishda 3 toifaga qisqartirildi. Shu bilan birga, ekologik baholashda jamoatchilik fikrini inobatga olish majburiy bo‘ldi qonun normalarida belgilandi.

Davlat ekologik ekspertizasi markazi ma’lumotlariga ko‘ra, endilikda faoliyatning ekologik xavf darajasi 4 toifa emas, 3 toifaga ajratiladi. Bu o‘zgarish xalqaro amaliyot va standartlar talablariga moslashish maqsadida amalga oshirilgan.
Yana bir muhim yangilik — ekologik xulosa berishda jamoatchilik fikrini inobatga olish majburiy qilib belgilandi. Shuningdek, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholashning aniq mezonlari joriy qilindi.
Jarayon shaffofligini oshirish maqsadida «Elektron hukumat» tamoyiliga asoslangan avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishga tushiriladi. Bu tizim orqali hujjatlar taqdim etish va xulosa berish jarayonlari raqamlashtiriladi.
Qonunchilikda ilk bor atrof-muhitga ta’sirni baholash tartibi aniq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonun normalarida belgilandi. Bu yechim davlat ekologik ekspertizasi ishida aniqlik va mas’uliyatni kuchaytiradi.
2024 yilning o‘zida ekologik ekspert organlari 32 mingga yaqin xulosa bergan. Ulardan 700 tasi belgilangan ekologik talablarga javob bermagani uchun rad etilgan. Bu loyihalar sifati va ularni tayyorlovchi mutaxassislarga bo‘lgan talabni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Hozirda mamlakatda 400 ga yaqin loyiha tashkilotlari va tadbirkorlik sub’ektlarida 2000 nafarga yaqin loyihachi mutaxassis faoliyat yuritmoqda.





