
Ekologiya vazirligi Vazirlar Mahkamasidan mustaqil qo‘mitaga aylantirildi
Prezident farmoniga ko‘ra, ekologik siyosat va nazoratni kuchaytirish maqsadida vazirlik o‘rniga mustaqil Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etildi, Turizm qo‘mitasi esa alohida organga aylantirildi.

Prezident farmoniga asosan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tarkibidan chiqarilib, uning negizida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etilmoqda. Mazkur tuzilmaning raisi bir vaqtning o‘zida Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida faoliyat yuritadi.
Ushbu o‘zgarishlar ekologik siyosatni yagona markazda jamlash, sohadagi loyihalarni tezkor muvofiqlashtirish va nazorat qilishni kuchaytirishni maqsad qiladi. Qo‘mitaga «Yashil makon», «Toza havo», «Chiqindidan holi hudud», «Eko-madaniyat» va «Bio meros» kabi yirik umummilliy dasturlarni amalga oshirish mas’uliyati yuklandi. Shu bilan birga, o‘rmonlarni ko‘paytirish, atmosfera havosi sifatini yaxshilash va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish kabi strategik vazifalar ham yangi organ zimmasiga o‘tmoqda.
Farmonga ko‘ra, vazirlik tarkibidagi Turizm qo‘mitasi ham alohida tuzilma sifatida qayta tashkil etiladi. Bu turizm sohasida tezkor qaror qabul qilish, tovar va xizmatlar sifatini oshirish hamda hududiy imkoniyatlarni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, Ekologiya qo‘mitasi huzurida 15 nafargacha mahalliy va xorijiy ekspertlar jalb qilinib, «Ekoloyihalar fabrikasi» ochiladi. Bu platformadan ekologik loyihalarni ishlab chiqish, xalqaro tajribani joriy etish va zamonaviy yechimlar tayyorlash maqsadida foydalaniladi.
Tuzilmaviy o‘zgarishlar natijasida O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi qo‘mita tarkibida faoliyat yuritadi.
Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.Sh. Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.





