add

Ekologiyaga zarar keltirgan kompaniyalar uchun yangi javobgarlik joriy etiladi

Bugun 20:401252 Daqiqa

2026 yildan boshlab havoni ifloslantirgan, daraxtlarni noqonuniy kesgan yoki qurilishda changlanishga sabab bo‘lgan yuridik shaxslar katta moliyaviy sanksiyalarga duch keladi.

Ekologiyaga zarar keltirgan kompaniyalar uchun yangi javobgarlik joriy etiladi

O‘zbekistonda 2026 yil 1-apreldan boshlab ekologik qonunbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llash tartibi joriy etiladi.

Prezident farmoni bilan belgilangan mazkur mexanizm atrof-muhitni muhofaza qilish talablarini kuchaytirish, qonunbuzarliklarni kamaytirish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan. Ushbu sanksiyalar faqat yuridik shaxslarga taalluqli bo‘lib, jismoniy shaxslarga tatbiq etilmaydi.

Farmonga ko‘ra, bir xil huquqbuzarlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llangan yuridik shaxs xodimlariga ma’muriy jazo choralari qo‘llanmaydi. Shu bilan birga, huquqbuzarlik takroran sodir etilmasligi haqidagi ogohlantirishni olish yoki to‘langan jarima Ekologiya qo‘mitasi talablarini bajarish majburiyatidan ozod qilmaydi. Maqsad — nafaqat jarima undirish, balki kompaniyalarni ekologik me’yorlarga rioya etishga majbur qilish.

Sanksiyalar qo‘llanadigan holatlar ro‘yxati ancha keng. Daraxtlar va butalarni g‘ayriqonuniy kesish, yo‘q qilish yoki asrash choralarini ko‘rmaslik javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shuningdek, atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalarni chiqarish, qurilish maydonlarida changlanishga yo‘l qo‘yish, yoqilg‘i va chiqindilarni yoqishda havo muhofazasi talablarini buzish ham moliyaviy jazoga olib keladi.

Suv resurslarini muhofaza qilish qoidalarini buzish, daryo o‘zanlarini tozalash va qirg‘oq mustahkamlash ishlarida belgilangan tartiblarga amal qilmaslik ham sanksiya bilan jazolanadi. Chiqindilar bilan ishlashda ekologik normalarni buzish ham diqqat markazida bo‘ladi.

Tushgan mablag‘lar Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish jamg‘armasiga yo‘naltirilishi belgilangan. Bu ekologik infratuzilmani yaxshilash, muammoli hududlarda tozalash va tiklash ishlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, tegishli qonun loyihasi bir oy ichida ishlab chiqilib, Prezident administratsiyasiga taqdim etilishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish jamg‘armasi tuzilib, unga 900 mlrd so‘m ajratilganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Ekologiyaga zarar keltirgan kompaniyalar uchun yangi javobgarlik joriy etiladi | Vaqt.uz