
Ekoqo‘mita havo ifloslanishi 17-yanvargacha davom etishini ma’lum qildi
Inversiya hodisasi sabab Toshkent va boshqa hududlarda havo sifati yomonlashib, korxona va avtotransportlarga nisbatan cheklovlar kuchaytirilmoqda.

O‘zbekistonda kuzatilayotgan noqulay meteorologik sharoitlar sabab atmosfera havosining ifloslanishi 16–17-yanvargacha davom etishi mumkin. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi. Qo‘mitaga ko‘ra, harorat inversiyasi ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishini cheklab qo‘yayotgan asosiy omil bo‘lmoqda.
8-yanvar kuni soat 09:00 holatiga ko‘ra, Toshkent shahri atmosfera havosidagi PM2,5-mayda dispersli zarrachalar miqdori 101 mkg/m3 ni tashkil etgan. Bu ruxsat etilgan me’yordan 1,7 barobar yuqori ekani qayd etildi.
Qo‘mita raisi o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinovning ta’kidlashicha, kunduzgi va kechki harorat o‘rtasidagi farq ayrim hollarda 14 darajagacha yetishi, tuman tushishi hamda shamol tezligining pasayishi ifloslantiruvchi moddalarning havoda to‘planib qolishiga olib kelmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, maxsus komissiya o‘z faoliyatini to‘xtatmagan va aholiga muntazam axborot berib bormoqda. Ayni paytda asosiy e’tibor sanoat va xo‘jalik ob’ektlarida ekologik reydlar hamda nazorat tadbirlarini kuchaytirishga qaratilgan.
Noqulay ob-havo sharoitida atmosfera havosiga antropogen yuklamani kamaytirish maqsadida ayrim korxonalar quvvati cheklandi, ba’zilarining faoliyati esa vaqtincha to‘xtatildi. 1–7-yanvar kunlari Toshkent shahrida 12 ta, Toshkent viloyatida esa 22 ta ishlab chiqarish korxonasida tekshiruvlar o‘tkazildi. Shuningdek, havoni ifloslantirgan o‘nlab avtotransport vositalariga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llandi.
Ta’kidlanishicha, 17-yanvardan so‘ng yog‘ingarchilik va shamol kuchayishi natijasida havo sifati bosqichma-bosqich normallashishi kutilmoqda. Inversiya qisqa muddatli hodisa bo‘lib, uni yumshatish uchun davlat idoralari kuchaytirilgan rejimda ishlashda davom etadi.





