
Elektromobillar ommalashtiriladi: arzon kreditlar va taksichilarga yangi imtiyozlar
O‘zini o‘zi band qilgan holda elektromobilda taksi xizmatini ko‘rsatayotganlarga ijtimoiy soliqni to‘lashda 30 foizgacha chegirma berish rejalashtirilmoqda.

Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili Davlat dasturi loyihasi e’lon qilindi.
Loyihaga ko‘ra, 2026 yil yakunigacha elektromobilda taksi xizmatini ko‘rsatuvchi o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni 300 ming nafarga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bu yo‘nalishda asosiy e’tibor aholini qonuniy mehnat faoliyatiga jalb etish va ekologik toza transport ulushini oshirishga qaratilgan.
Elektrotaksilarga imtiyozlar
Dastur doirasida o‘zini o‘zi band qilgan holda taksi xizmati ko‘rsatayotgan fuqarolar uchun qator imtiyozlar joriy etiladi. Xususan, belgilangan ijtimoiy soliqni to‘lashda 30 foizgacha chegirma beriladi. Shuningdek, davlat tashkilotlariga tegishli, jumladan aeroport va vokzallarning pulli avtoturargohlaridan 30 daqiqagacha bepul foydalanish huquqi taqdim etiladi.
Imtiyozli kreditlar
Elektromobil sotib olishni rag‘batlantirish maqsadida aholi uchun imtiyozli bank kreditlari joriy etiladi. Mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan elektromobillar uchun 12 foizli, xorijdan import qilingan elektromobillar uchun esa 16 foizli kreditlar ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bank kreditlari bo‘yicha yuqori foiz stavkalari o‘rtasidagi farq Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Birinchi bosqichda 41 mingta elektromobil xaridi uchun shunday kredit mablag‘lari ajratilishi belgilangan. Bu chora aholining yangi transport vositalarini sotib olish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
Quvvatlash infratuzilmasi
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida 1 kilovatt soat elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi. Shu bilan birga, quvvatlash stansiyalari tashkil etish uchun tadbirkorlarga 10 foizli maqsadli kreditlar ajratiladi.
Quvvatlash stansiyalari uchun yer maydonlari auksion orqali bozor qiymatidan ikki baravar arzon narxda taqdim etiladi. 2026 yil oxirigacha bunday stansiyalar sonini 4 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.





