Elektron tijorat sohasidan zarar ko‘rgan fuqarolarga 7,3 mlrd so‘m qaytarib berildi

Raqobat qo‘mitasiga fuqarolardan o‘tgan 2025 yilda elektron tijorat sohasida 3 100 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Huquqlari buzilgan 9,6 mln nafar iste’molchiga 7,3 mlrd so‘m miqdorida yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilingan.

Elektron tijorat sohasidan zarar ko‘rgan fuqarolarga 7,3 mlrd so‘m qaytarib berildi

2025 yil davomida elektron tijorat sohasida iste’molchilar huquqlari buzilishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 7,3 mlrd so‘m mablag‘ fuqarolar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qo‘mitaga o‘tgan yili mazkur yo‘nalishda 3 100 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, e’tirozlarning asosiy qismi yirik marketpleys va onlayn xizmatlar ulushiga to‘g‘ri keladi.

Xususan:

— 842 ta (27,6 foiz) — Uzum Nasiya;

— 329 ta (10,8 foiz — Yandeks;

— 168 ta (5,5 foiz) — Texnomart;

— 166 ta (5,4 foiz) — Ishonch;

— 150 ta (4,9 foiz) — Alif shop (alif moliya, alif nasiya);

— 115 ta (3,8 foiz) — Uzum Tezkor;

— 56 ta (1,8 foiz) — Openshop.uz;

— 54 ta (1,8 foiz) — ZoodMall;

— 46 ta (1,5 foiz) — Idea eng ko‘p shikoyat qayd etilgan tashkilotlar qatoriga kirgan.

O‘rganishlar jarayonida shartnoma shartlari, kafolat muddatidagi servis xizmatlari, nuqsonli tovarni almashtirish, reklamada noto‘g‘ri ma’lumot berish, to‘lov va yetkazib berish xizmatlari bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, murojaatlarda qayd etilgan holatlarni bartaraf etish darajasi o‘rtacha 84,8 foizni tashkil etgan. Eng yuqori ko‘rsatkich IDEA (84,8 foiz), Uzum Tezkor (82,6 foiz) va Ishonch (81,3 foiz) hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng past natija esa Yandeks (63,5 foiz) tomonidan qayd etilgan.

O‘rganishlar natijasida huquqlari buzilgani aniqlangan 9,6 mln nafar iste’molchiga 7,3 mlrd so‘m miqdorida yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.

Teglar

Mavzuga oid

Elektron tijorat sohasidan zarar ko‘rgan fuqarolarga 7,3 mlrd so‘m qaytarib berildi | Vaqt.uz