
Elektron tijoratda kuryerlik faoliyati rasmiy tartibga solindi
23.06.2025 | 10:4014732
Elektron tijoratda kuryerlik xizmati tartibini belgilaydigan maxsus nizom Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlandi. Yangi hujjat 2025 yil 18 iyunda 3631-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Nizomda kuryerlik faoliyatini amalga oshirish shartlari, jumladan, kurer kim bo‘lishi mumkinligi, qanday shartlar asosida ishlashi, to‘lovlarni qabul qilish tartibi kabi masalalar aniq bayon etilgan.
Unga ko‘ra, kuryerlik jismoniy shaxslar sifatida tadbirkor yoki yetkazib berish xizmatlari operatorlari bilan mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida ishlashi mumkin.
Kuryerlar shartnoma asosida xaridorlardan tovar yoki yetkazib berish xizmatlari uchun to‘lovlarni qabul qilishga haqli. Bunda nazorat-kassa texnikasi qo‘llanilishi va mijozga chek taqdim etilishi shart.
Oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilayotganda transport vositalari va termokonteynerlar doimiy ravishda toza va soz holatda saqlanishi, yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi talab qilinadi.
Shuningdek, kuryerlikka qator cheklovlar qo‘yildi. Jumladan, ular tovar qadog‘ini o‘zboshimchalik bilan ochish yoki xaridorlarning shaxsiy ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga tarqatishga haqli emas.
Ushbu nizom orqali elektron tijorat sohasida xavfsiz, shaffof va nazorat qilinishi mumkin bo‘lgan kurerlik tizimi joriy etilmoqda.





